Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odam cho‘kmoqda: qanday aniqlanadi va yordam beriladi?

Odam cho‘kmoqda: qanday aniqlanadi va yordam beriladi?

Foto: «Vegchel.ru»

Cho‘kishga oid 90 foiz hodisa sezilmasdan, shovqinsiz sodir bo‘ladi. Odamning cho‘kayotganini qanday aniqlash va to‘g‘ri chora ko‘rish mumkin?

Umuman olganda, cho‘kishning ikkita ko‘rinishi bor: suvdagi o‘lim va cho‘kishning o‘zi.

Birinchi holatda gap cho‘milish vaqtida to‘satdan o‘lib qolish haqida bormoqda. Masalan, yurak xuruji yoki insult. Bunda odam juda tez suv ostiga kirib ketadi, natijada qutqaruvchilar vaqtida suzib borishga ulgurmaydi. Suv haroratidan kelib chiqib, bunday vaziyatda tirik qolish imkoniyati 50 foiz ham chiqmaydi.

Ikkinchi holatda cho‘kish ko‘pincha tomir tortishishi, masalan, sovqotish natijasida yuz beradi. Odam suv yuzasida qolishga urinadi, jonholatda qo‘llarini harakatlantiradi yoki yordamga chaqiradi. Biroq kuchi tez tugab qolib, uni suv o‘z qa’riga tortadi. O‘pkaga suv tushishi jarayoni tezlashadi.

Cho‘kayotganni qanday bilish mumkin?

Odamning cho‘kayotganidan dalolat beruvchi bir qancha signallar bor:

  • Bosh suvga ko‘milgan, og‘zi esa suv sathida
  • Bosh orqaga tashlangan, og‘iz esa suv sathida
  • Ko‘zlar ma’nosiz, shishaga o‘xshaydi, fokusni to‘g‘rilay olmaydi
  • Ko‘zlar yumiladi
  • Odamning sochi yuzi/ko‘zlarini yopadi
  • Odam oyoqlarini qimirlatmaydi
  • Giperventilyasiya yoki og‘ir nafas olishi seziladi
  • Odam muayyan yo‘nalishga harakat qilolmaydi
  • Odam yoniga ag‘darilishga behuda urinadi
  • Odamning harakati ko‘rinmas zinadan ko‘tarilishga urinishni eslatadi

Qanday chora ko‘rish kerak?

Cho‘kayotgan odamni ko‘rganda, miyaga birinchi navbatda tezroq yordam berish uchun uning yoniga suzib borish keladi. Bu har doim ham to‘g‘rimas. Sarosimaga tushib qolgan cho‘kayotgan odam qutqaruvchini ham suv ostiga tortib ketishi mumkin. Masalan, maxsus cho‘milish joylarida cho‘kayotgan odamni ko‘rganda avvalo qutqaruvchilarni chaqirish, unga o‘zini suvda tutib turishi uchun biron narsa tashlash (koptok, shishiriladigan matras kabi) kerak bo‘ladi. Keyin qutqaruv qayig‘ida odamni qirg‘oqqa chiqarish lozim.

Nega bolalar maxsus shishirilgan yenglarda ham cho‘kishadi?

Bolalar suvda barqaror holatni saqlay olmaydi. Ag‘darilib ketib, boshi suv ostiga tushib qolishi mumkin. Ular uchun quyoshdan himoyalovchi kremlar ham xatarli: shishiriladigan yeng qo‘llaridan sirpanib chiqib ketishi mumkin. Shuning uchun bolalar doim, hatto sayoz suvda ham, kattalar kuzatuvi ostida bo‘lishi zarur.

Favqulodda vaziyatlarda bolalarga qanday yordam ko‘rsatiladi?

Bolani tezroq suvdan chiqarib olish va tana haroratini saqlash uchun zudlik bilan adyolga o‘rash muhim. Chunki suv harorati hatto +28°C bo‘lganda ham bola sovqotib qolishi mumkin.

Agar u hushidan ketsa, zudlik bilan yonboshlab yotqizish va og‘izdan og‘izga yoki go‘daklar uchun og‘izdan burunga sun’iy nafas yuborish kerak. Tez yordam yetib kelguniga qadar galma-gal yurakni massaj qiling.

Muhim: bolani siltamang va o‘pkasidagi suvni chiqaraman deb oyog‘ini osmonga ko‘tarishga urinmang!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring