Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Green Card dasturida ishtirok etmoqchimisiz, o‘ta aniqlikka rioya qiling!

Green Card dasturida ishtirok etmoqchimisiz, o‘ta aniqlikka rioya qiling!

Bugun Green Card  DV – 2025 dasturida ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi va bu jarayon 2023 yil 7 noyabrgacha davom etadi. Ko‘plab o‘zbekistonliklar ham ushbu lotereyada qatnashadilar. Bu borada yurtdoshlarimizning yildan-yilga tajribasi oshib bormoqda. Shunday bo‘lsada nimalarga qat’iy rioya qilish kerakligi haqida eslatib o‘tish foydadan xoli emas.

Anketani qayerda to‘ldirish mumkin?

Har bir ishtirokchi quyidagi manzilga o‘tib, ingliz tilidagi anketani mustaqil ravishda to‘ldirishi mumkin: https://dvprogram.state.gov/

Iloji boricha brauzerlarning yangi versiyalaridan foydalanishni tavsiya etamiz, chunki eski brauzerlar DV onlayn  tizimini qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun pasport kerakmi?

O‘tgan yildan boshlab siz milliy pasport – ID karta orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Ilgari, ariza berish uchun an’anaviy pasportga ega bo‘lish kerak edi.

Ammo agar sizda chet elga chiqish pasporti bo‘lsa, u bilan murojaat qilish yaxshiroqdir. Chunki yashil kartani yutib olgan taqdirda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni chet el pasporti bilan amalga oshiriladi.

Anketani to‘ldirish uchun qancha vaqt beriladi?

 30 daqiqa vaqt beriladi. Arizani to‘liq to‘ldirgandan so‘ng, orqaga qaytish va xatolarni tuzatish uchun yana bir imkoniyat beriladi.

Anketani lotin harflari bilan to‘ldirishingiz kerak.

Anketani ikki marta to‘ldirish mumkinmi?

Yo‘q. Bir yil ichida bir kishi lotereyada faqat bir marta qatnashishi mumkin. Anketalarni qayta topshirish rad etiladi va siz diskvalifikatsiya qilinasiz.  

 Agar DV tizimi arizani qabul qilmasa, uni qayta topshirish mumkinmi?

Ha. Agar arizangiz tizim tomonidan qabul qilinganligi haqida xabar olmagan bo‘lsangiz, arizani yana to‘ldirishingiz mumkin.

Bunday holda, siz dublikat ariza topshirganingiz uchun «jazolanmaysiz».

To‘liq ariza topshirmaguningizcha va tasdiqlash xabarini olmaguningizcha, xohlaganingizcha murojaat qilishga urinib ko‘rishingiz mumkin.

Tasdiqlash xabarini olganingizdan so‘ng, arizangiz topshirilgan deb hisoblanadi va uni qayta yuborishga urinishingiz shart emas.

Va agar siz anketani o‘zingiz to‘ldirolmasangiz ...

Odatda, Green Card  anketasini to‘ldirish xizmatlari O‘zbekistonning barcha shahar va viloyatlaridagi savdo markazlari va ofislarida o‘quv markazlari, viza markazlari, shuningdek xususiy markazlar va jismoniy shaxslar tomonidan taklif etiladi.

Ular aldamaydilarmi?

 AQSh Davlat departamenti «viza bo‘yicha maslahatchilar», «viza agentlari» yoki arizachi nomidan ariza topshirishni taklif qilayotgan boshqa shaxslarning yordamiga murojaat qilmasdan, ariza shakllarini o‘zingiz to‘ldirishingizni qat’iy tavsiya qiladi.

Agar siz hali ham kimningdir yordamiga muhtoj bo‘lsangiz, savollarga to‘g‘ri javob berish, tasdiqlash sahifasini chop etish va shaxsiy tasdiqlash raqamingizni olish uchun so‘rovnomani tayyorlash paytida shaxsan ishtirok etishingiz kerak.

Onlayn shaklga qanday shaxsiy ma’lumotlar kiritilishi kerak?

Anketada shaxsiy ma’lumotlarga oid savollar mavjud bo‘lib, siz 14 bandni to‘ldirishingiz kerak: to‘liq ism, jins, tug‘ilgan sana, tug‘ilgan shahar/shahar, tug‘ilgan mamlakat,  DV dasturida ishtirok etayotganda yashab turgan mamlakat.

Ariza beruvchining fotosurati, pochta manzili, yashayotgan mamlakati, telefon raqami, elektron pochta manzili, ta’lim darajasi, oilaviy ahvoli va bolalari haqidagi ma’lumotlar ham talab qilinadi.

Agar tug‘ilgan shahar nomi o‘zgargan bo‘lsa...

Agar sizning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomangizda siz tug‘ilgan shaharning avvalgi nomi ko‘rsatilgan bo‘lsa, lekin hozir shahar boshqacha nomlangan bo‘lsa, bu qo‘rqinchli emas.

 Eski nomni yozing va (tire) chiziqcha bilan yangi nomni kiriting.

Barcha oila a’zolarining fotosuratlarini yuklash kerakmi?

Ha, ariza beruvchiga, turmush o‘rtog‘iga va arizada ko‘rsatilgan barcha bolalarning so‘nggi (so‘nggi 6 oy ichida olingan) fotosuratlari anketaga ilova qilinishi kerak.

Guruh bo‘lib tushgan fotosuratlar qabul qilinmaydi. Har bir oila a’zosi uchun alohida fotosurat talab qilinadi.

Fotosuratlarga qanday talablar mavjud?

Anketalar, agar ularga biron bir o‘zgartirish kiritilgan fotosuratlar ilova qilingan bo‘lsa, shuningdek fotosuratlar talablarga javob bermasa, diskvalifikatsiya qilinadi, ya’ni ariza qabul qilinmaydi. Oldingi  lotereyada ishlatilgan fotosuratlarni jo‘natish ham sizning arizangizni bekor qiladi.

  Fotosuratlarga qo‘yiladigan talablar:

 -Suratga olingan odam  to‘g‘ri kameraga qarashi kerak;

 -Odamning boshi yuqoriga, pastga yoki yon tomonga burilmagan bo‘lishi kerak;

-Bosh balandligi ramkaning umumiy balandligiga nisbatan 50% dan 69% gacha bo‘lishi kerak;

-Neytral fon ochiq rang (masalan, oq) maqsadga muvofiq, qorong‘i yoki naqshli fon qabul qilinmaydi.

-Fotosurat diqqat markazida bo‘lishi kerak;

-Suratga olingan odam ko‘zoynak taqmasligi yoki yuzini yopadigan boshqa aksessuarlarga ega bo‘lmasligi kerak;

- Boshi yopiq yoki bosh kiyimidagi fotosuratlar, agar bu ularning diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq bo‘lsa, yuzning biron bir qismi yashirilmagan bo‘lsa, qabul qilinadi;

-Soyalar bo‘lmasligi kerak.

Haydovchilik guvohnomasidan yoki boshqa rasmiy hujjatlardan skanerlangan fotosuratlarga ruxsat berilmaydi. Bundan tashqari, jurnallardan olingan, selfi, shuningdek fotoavtomatlarda yoki mobil telefon kamerasida olingan suratlar, shuningdek to‘liq bo‘y-basti bilan tushilgan fotolar qabul qilinmaydi.

 Va fotosuratga texnik talablar qanday?

-Rasm  JPEG  formatida bo‘lishi kerak;

- Maksimal rasm hajmi 240 kilobayt (240 kb);

- Rasm o‘lchamlari: uzunligi 600 piksel, kengligi 600 piksel (600x600px);

Photo Requirements sahifasida namunaviy fotosuratlarni ko‘rib chiqing. Shuningdek, siz fotosuratni onlayn ro‘yxatdan o‘tishning asosiy sahifasida yoki greencardphotocheck.com. da solishtirish imkoniyatiga egasiz.

Qaysi elektron pochtani ko‘rsatish yaxshiroq?

Ariza beruvchi har doim to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish huquqiga ega bo‘lgan elektron pochta manzilini taqdim etish kerak. Ammo davlat departamenti hech qachon lotereyani yutganligi to‘g‘risida elektron pochta orqali xabar bermaydi. Agar siz bunday xatni olgan bo‘lsangiz, ehtimol firibgarlar sizni aldash orqali pul ishlamoqchi ekanligidan dalolat.

Sizga faqat lotereya yutgan taqdirda elektron pochta kerak bo‘ladi. Natijalarni faqat quyidagi manzilda tekshirish mumkin: https://dvprogram.state.gov

Agar sizga yutuq chiqqan bo‘lsa ushbu bo‘limda siz maxsus shaklni to‘ldirishingiz kerak. Va shundan keyingina Davlat departamenti ushbu bo‘limda siz uchun yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi to‘g‘risida pochta orqali xabardor qiladi. Masalan, viza suhbatning sanasi haqida.

Anketa qabul qilinganligini qanday bilsa bo‘ladi?

Elektron  DV  tizimi to‘ldirilgan arizani olganligi haqidagi tasdiq ariza yuborilgandan so‘ng darhol jo‘natiladi.

Siz saqlashingiz kerak bo‘lgan tasdiqlash raqamini o‘z ichiga olgan bildirishnoma tizim tomonidan darhol bir xil ekranda ko‘rsatiladi.

Agar siz yuborgan arizani qabul qilish to‘g‘risida bildirishnoma bo‘lmasa, ariza yuborilguncha va bildirishnoma qabul qilinmaguncha «yuborish»   tugmasini bosishingiz mumkin. Natijani tekshirish uchun tasdiqlash raqamini saqlang.

Er-xotinning har biri alohida ariza berishi mumkinmi?

Ha, er ham, xotin ham lotereyada ishtirok etish uchun alohida ariza topshirishlari mumkin, agar turmush o‘rtoqlarning har biri belgilangan talablarga javob bersa.

Agar turmush o‘rtoqlardan biri  lotoreyada yutsa, uning turmush o‘rtog‘i oila a’zo sifatida viza olish huquqiga ega bo‘ladi.

Lotereyada qaysi yoshdan qatnashish mumkin?

Lotereyada chaqaloqlar ham ishtirok etishi mumkin, ammo 18 yoshgacha faqat ota-onalar yozgan anketada ishtirok etadi. 18 yoshdan boshlab har bir shaxs anketani o‘zi to‘ldirishi mumkin.

 Immigratsiya  vizaning boshqa toifasiga hujjat topshirgan shaxslar  Green Card  dasturida ishtirok etishlari mumkinmi?

Ha, bunday shaxslar Green Card lotoreyasida ham ishtirok etishlari mumkin.

Natijalarni qachon chiqadi?

Tanlov natijalari kelasi yilning may oyi boshida taqdim etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring