Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodimga ishdan bo‘shash haqida majburan orqa sana bilan ariza yozdirishsa, nima qiladi?

Xodimga ishdan bo‘shash haqida majburan orqa sana bilan ariza yozdirishsa, nima qiladi?

Savol: men bola parvarishi ta’tilidaman menga 3 yoshgacha bola puli beriladimi? 4 nafar farzandim bor.

MK 405-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Lekin hali Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqani yo‘q. Bu munosabatlarni hozircha “Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tartibga soladi. Mazkur Nizom budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga tatbiq etilmaydi. Agar Siz budjet tashkilotida ishlasangiz, Sizga bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa to‘lanmaydi. Agar budjetdan tashqari tashkilotda ishlasangiz, u holda bola ikki yoshga to‘lgunga qadar Sizga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorinng 60% miqdorida ya’ni 588 ming so‘m  bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova “Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan yuqoridagi Nizomni chalg‘itmang.  Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa  va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. Agar Sizning oilangiz kam ta’minlangan deb e’tirof etilsa va bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlariga mos tushsangiz, bolalar nafaqasi olishingiz mumkin. Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi. Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.

Savol: meni kadrlar bo‘limi boshlig‘i va ichki xavfsizlik katta inspektori har xil do‘q-po‘pisalar bilan qo‘rqitib, orqa sana bilan majburlab ishdan bo‘shatishga ariza yozdirib oldi. Bunday holatda nima qilsam bo‘ladi?

MK 160-moddasi 1-qismiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin (ayrim toifa xodimlarga ogohlantirishning boshqa muddatlari belgilangan) bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Ya’ni e’tibor bering bu xodimning huquqi ekan, un majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi qarorining 15-bandiga ko‘ra, sudlar da’vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim.

Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolik sudiga, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qilishingiz mumkin. Yoki +99871 200 06 00 (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ) 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).

Savol: men bir tashkilotda besh yildan beri 1 stavkada tarbiyachi bo‘lib ishlayman. Shu yili fevral oyidan 0.5 stavka tarbiyachiligimni olib, o‘rganiga 0.5 psixologlik berishdi. 1 iyundan mehnat ta’tiliga chiqdim. Lekin menga faqat 0.5 tarbiyachiligim uchungina ta’til puli to‘lashdi. Shunday hisoblashlari to‘g‘rimi?

1 stavkadan  0.5 ga tushirish xodimning roziligi bilan amalga oshiriladi. Chunki, MK 186-moddasiga ko‘ra,  mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishga qabul qilish chog‘ida va keyinchalik to‘liqsiz ish vaqti (to‘liqsiz ish kuni (smena) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga bo‘lgan holda) belgilanishi mumkin.

Sizga yarim stavka psixolog lavozimi ichki o‘rindoshlik asosida berilgan bo‘lsa, u holda yarim stavka psixolog lavozimi uchun ham ta’til beriladi va ta’til uchun pul to‘lanadi. MK 435-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilish mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Asosiy ish to‘g‘risida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan xodimning ichki o‘rindoshligi chog‘ida xodim bilan o‘rindoshlik asosida ishlash to‘g‘risida alohida mehnat shartnomasi tuziladi.

MK 216-moddasi 2-qismiga ko‘ra, barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. MK 439-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik asosiy ta’tillar, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring