Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Naqshbandiya pirlari» turizm halqasi ochiladi

«Naqshbandiya pirlari» turizm halqasi ochiladi

Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Prezident Mirziyoyev viloyatning tranzit va turizm salohiyatini ishga solish masalalariga to‘xtaldi.

Viloyatga qo‘shni davlatlarda 5 milliard dollarlik katta bozor bo‘lsa-da, ularga qilinadigan eksport hajmi 200 million dollarga yetmasligi tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, viloyatda hozirda 75 million dollar sarmoya evaziga «Termiz xalqaro savdo markazi» qurilyapti. Markazga «Termiz» bojxona posti ko‘chiriladi, «yagona darcha», notarial va bank xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Sariosiyodagi «O‘zbek-Tojik chegara posti» yonida 6 gektar bo‘sh yerda «Transport logistika markazi»ni barpo etish, Bandixondagi «Tangi-mush» stansiyasida eksport uchun yuk ortish-tushirish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

«Tranzit salohiyati yuqori Termiz shahri, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Uzundagi magistral yo‘l chetida logistika-servis markazlari ochiladi, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy va Denovni bog‘lovchi 111 kilometr yo‘lni ta’mirlashga xususiy sherik jalb qilinadi», – dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, viloyatning turizm salohiyati ancha yuqori, bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm ob’yektlari borligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri bo‘lgan «Boybuloq», neandertal odam qoldig‘i topilgan «Teshiktosh» va «Machay» g‘orlari, ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asida ham bunday muzey tashkil etiladi. Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yo‘lga qo‘yiladi.

«Samarqand – Kitob – Denov – Oltinsoy – Termiz» marshruti bo‘ylab «Naqshbandiya pirlari» turizm halqasi ochiladi.

Viloyatda 2,5 ming o‘ringa ega 53 tagina mehmonxona bor, ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan.

Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish reja qilinayotgani bois, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga «yulduzi»dan qat’i nazar subsidiya berilishi belgilandi.

Yil yakuniga qadar Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Shuningdek, «Termiz – Toshkent» yo‘nalishida turistik vagon qo‘yiladi, «Sariosiyo – Toshkent» yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring