Sharlott Adrianning O‘zbekistondagi faoliyati davrida qanday muhim voqealar ro‘y berdi?
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunladi.
17-iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yevropalik diplomat bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi.
«Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi sifatidagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Sharlott Adrian xonim bilan uchrashdik. Elchining yillar davomida O‘zbekiston bilan YeI ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini yuqori baholaymiz. Unga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz», – dedi Baxtiyor Saidov.
Sharlott Adrian 2021-yil mart oyidan YeIning Toshkentdagi delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgandi. U 2021 yil 23-aprel kuni YeIni tamsil etuvchi diplomat sifatida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirgan.
Sh.Adrianning diplomatik missiyasi davrida O‘zbekiston va YeI hamkorligiga doir bir qator muhim hodisalar ro‘y berdi.
2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHTB) dastlabki bosqichda imzolandi. Yangi hujjat 1996-yilda imzolangan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.
2022-yil oktyabr oyida Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel O‘zbekistonga tashrif buyurdi va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazdi. «Men O‘zbekiston rahbariyati YeI bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga xayrixoh ekaniga amin bo‘ldim», ؘ– degan edi Sh.Mishel muzokara yakunida.
2022-yil 18-noyabr kuni Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi: Global darvoza» deb nomlangan yirik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir ikki yirik mintaqa o‘rtasidagi aloqalar tarixida muhim o‘rin tutdi.
2023-yil 22-noyabr kuni O‘zbekistonning YeI Preferensiyalarning bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar maqomi yana to‘rt yilga, ya’ni 2027-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. 500 milliondan ortiq aholiga ega YeI dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Shu tariqa mamlakatimiz ushbu bozorga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkonini saqlab qoldi.
2024-yil 5-aprel kuni YeI va O‘zbekiston o‘rtasida juda ham muhim bo‘lgan xomashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan hujjat imzolandi.
O‘tgan uch yil yana boshqa ko‘plab muhim tadbirlar, tashriflar bilan yodda qoldi.
Avval xabar berganimizdek, Sh.Adrian joriy yil may oyida Yevropa kuni munosabati bilan Toshkentda so‘nggi bor nutq so‘zlayotganini ta’kidlab, hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati vakillari va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter