Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaharsozlik normalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilyapti

Shaharsozlik normalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilyapti

Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida ko‘rib chiqilgan «Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasida, jumladan, Jinoyat kodeksining amaldagi 229-3-moddasining sanksiyalari kuchaytirilib, bosh rejalarga zid ravishda qurganlik, foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik, ko‘p kvartirali uylarni yerto‘la va birinchi va qavatidagi konstruksiyalarni buzganlik va ruxsat olmasdan qurganlik uchun ma’muriy jarimalar qo‘llanilganidan so‘ng, ushbu huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilanmoqda. 

Ya’ni, mazkur qilmishlarning og‘ir yoki yengilligiga qarab ma’muriy jazo tayinlangandan so‘ng sodir etilsa – 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Agar, qonunbuzarlik odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan hollarda – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi uchun har bir huquqbuzarlik alohida qism sifatida qayd etilmoqda. Inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyani oldini olish maqsadida ma’muriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, ya’ni amaldagi ma’lum bir summadan ma’lum summagacha degan normadan voz kechish nazarda tutilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, loyihani birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish davomida berilgan bir qator takliflar ishchi guruh yig‘ilishlarida chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati hujjat matnida aks ettirildi.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini ta’minlash, qurilish sifatini oshirish hamda sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, jazo ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring