Senatning birinchi majlisi boshlandi: unda Senat raisi va unga o‘rinbosarlar saylanadi
Toshkent shahrida 19-noyabr, seshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Majlisda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.
Saylov kodeksiga muvofiq majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev ochdi.
Parlament yuqori palatasi birinchi majlisining kun tartibi senatorlar tomonidan tasdiqlandi. Unga ko‘ra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini shakllantirish yakunlari to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqadi.
Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisini, Senat Raisi o‘rinbosarlarini saylaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitalari va komissiyasini tuzish, ularning raislarini, raislari o‘rinbosarlari va a’zolarini saylash ham kun tartibiga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, yuqori palataning 9 nafar a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi farmoni bilan tayinlangan edi.
Markaziy saylov komissiyasi esa shu yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining barcha a’zolarini ro‘yxatga oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter