«Sanitariya holati qoniqarsiz, sayrga kam vaqt, tibbiy xizmatga e’tirozlar» — Ombudsman 1-son Tergov hibsxonasini monitoring qildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari 6 may kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Bu haqda Ombudsman Axborot xizmati xabar bermoqda.
Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning Jinoyat-ijroiya kodeksi va «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan huquq va manfaatlari ta’minlanayotganligi holati o‘rganilgan.
O‘rganish davomida hibsxonada bir qator kamchiliklar mavjudligi, jumladan, ayrim kameralarda sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emasligi, saqlanayotgan shaxslarga sayr uchun yetarli vaqt berilmayotgani hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ayrim e’tirozlar bildirilgan.
Monitoringda ushbu salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga Ombudsman talabnomasi kiritilgan.
2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida jinoyat ishi apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilmoqda. Shu bois, 22 nafar ayblanuvchidan qamoq ehtiyot chorasi tanlanganlari ushbu hibsxonada saqlanmoqda.
Monitoring tashrifi davomida ushbu ayblanuvchilar saqlanayotgan kameralar ham tashrif buyurilgan. Ular bilan jamoaviy va yakka tartibda holi tarzda suhbatlar o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter