Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishloq xo‘jaligi sohasida 41,3 foiz xotin-qizlar ishlaydi

Qishloq xo‘jaligi sohasida 41,3 foiz xotin-qizlar ishlaydi

—Men hech joyda o‘qimaganman. Turmush o‘rtog‘im Rossiyada ishlaydi. Uch nafar farzandim bor. Tirikchiligimiz kichkina issiqxonadan. Sabzavot yetishtiramiz. Ammo asosiy vaqtim yetishtirayotgan sabzavotlarga kimyoviy o‘g‘it berish, sug‘orish, parvarishlash bilan o‘tardi. Farzandlarimga qarashga vaqtim yo‘q edi. — deydi andijonlik Bahromova Maxsudaxon. — Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan issiqxonalarda sabzavotlar yetishtirish bo‘yicha kursda o‘qigach,  ularni kimyoviy o‘g‘itlarsiz yetishtirishni o‘rgandim. Hozir menga FAO tomonidan yangi issiqxona qurib berishayotir. Endi farzandlarimga ko‘proq vaqt ajratayapman, turmush o‘rtog‘imni ham Rossiyadan chaqirtirdim. Qishloq ayoli bo‘lgani uchun hayot shu ekanda derdim,  ammo endi oilam birlashayapti, men ham ayol sifatida  katta ishlarga qodirligimni his qildim.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligining 15 oktyabr sanasini «Xalqaro qishloq ayollari kuni» sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan edi. Mana  ikki yildirki mazkur sana O‘zbekistonda keng nishonlanmoqda.  Yurtimizda o‘tkazilishi mo‘ljallangan tadbirlar oldidan  FAO, USAID, Oliy Majlis Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, «Agrar ayollar uyushmasi» tomonidan 15 oktyabr – «Xalqaro qishloq ayollari kuni» munosabati bilan «Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ishtiroki» mavzusida  respublika forumi o‘tkazildi. 

–Qishloqda istiqomat qilayotgan ayollarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatish, ularning muammolariga e’tiborni qaratish, faol ayollarni rag‘batlantirish bugun juda muhim, — deydi BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. —Bugungi kunda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan soyada qolib ketayotgan ayollarni yuzaga chiqarishda hukumatga ko‘maklashish, qishloq ayollarining bilim saviyasini ko‘tarishdan iborat. Misol uchun,  FAO, Global Ekologik Fond (GEF) moliyaviy ko‘magida «O‘zbekistonda tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish» loyihasini O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirmoqda. Loyihaning maqsadi aynan o‘rmon xo‘jaliklarida ishlovchi va uning hududida yashovchi aholi, xususan xotin-qizlarning savodxonligii oshirish, gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda  qishloq aholisi – 17,4 mln kishiga teng. Bunda, erkaklar – 8,8 mln, ayollar – 8,6 mln nafarni tashkil etdi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida 41,3 foiz xotin-qizlar band bo‘lib,  yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 80 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklarining qariyb 6 mingtasiga ayollar rahbarlik qilmoqda. Ammo bu ko‘rsatkich  O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida yo‘q hisob. Atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq xo‘jaliklarda qishloq  ayollardan asosan mavsumiy ishchilar sifatida foydalaniladi.  Mazkur sohalarda rahbar ayollarning ko‘payishi bevosita  bugungi kunda juda ham dolzarb bo‘lgan ekologik muammolarning oldini olinishiga  qo‘shilgan katta hissa bo‘lar edi.

                                                                               Nargis Qosimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring