Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qatar ham Trans-afg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasida ishtirok etadi

Qatar ham Trans-afg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasida ishtirok etadi

6-fevral, chorshanba kuni O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston va Qatar transport vazirliklarining yuqori martabali vakillari Toshkentda uchrashdi. Samarali muzokaralar chog‘ida to‘rtta davlatning transport departamentlari rahbarlari loyihaning turli jihatlarini, jumladan, moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish va texnik nyuanslarni muhokama qilishdi.

Progressiv islohotlar markazining qayd etishicha, Qatarning ishtiroki nafaqat loyihaga qo‘shimcha ahamiyat beradi, balki uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun zamin yaratadi.

Taxminan 600 kilometrni, asosan Afg‘oniston va Pokiston bo‘ylab o‘tadigan Trans-afg‘on temir yo‘li mintaqaviy savdo va hamkorlik uchun ulkan iqtisodiy istiqbollarni taqdim etadi. Loyihani amalga oshirishdagi asosiy to‘siqlardan biri bu- moliyalashtirishdir. Shu munosabat bilan Afg‘oniston avvalroq Rossiya va Qozog‘istonni ham loyihaga jalb qilishga intilgan edi. «Tolibon» hukumatining Savdo va sanoat vaziri Nuruddin Aziziy hatto Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Kobulda muvofiqlashtiruvchi idora tashkil etishni taklif etgandi.

«Eng muhimi, Qatarning loyihadagi benefitsiar davlat sifatidagi roli loyihadagi ishtirokchi davlatlarga nisbatan hech qanday siyosiy bosimlarni yuklamaydi. Qatarning ishtiroki nafaqat loyihaning muvaffaqiyati ehtimolini oshiribgina qolmay, balki uning iqtisodiy manfaatlariga ham mos keladi, ayniqsa uning rivojlanayotgan iqtisodiyoti sharoitida.

Ta’kidlash joizki, loyiha Qatarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, temiryo‘l Markaziy Osiyo va Afg‘onistondan zarur oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish uchun yo‘l ochadi», – deyiladi markaz munosabatida.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Trans-afg‘on temir yo‘li 5 milliard dollarga baholanmoqda. Tranzit salohiyati esa 20 million tonnagacha yuk. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalarida ham transport, ham savdo aloqalarini rivojlantirish uchun katta ahamiyatga ega.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring