Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qashqadaryodagi ko‘prik demontaj qilinyapti: qayta tiklash masalasi, hozircha kun tartibida emas»

«Qashqadaryodagi ko‘prik demontaj qilinyapti: qayta tiklash masalasi, hozircha kun tartibida emas»

Joriy yilning 5-may kuni kuchli yomg‘ir oqibatida Qashqadaryo daryosining bir irmog‘i sanalgan Tanxoz daryosida sel-toshqini yuzaga kelgan va Chiroqchi hamda Shahrisabz tumanlarini bog‘lab turuvchi mahalliy ahamiyatga ega ko‘prikni buzib yuborgan edi.

Mazkur hodisa qator OAV va ijtimoiy tarmoq sahifalarida qisqa muddat shov-shuv bo‘ldi, rasmiylar o‘z munosabatini bildirdi va shu bilan guyoki muammo hal bo‘ldi: tinchib ketdi.

Biroq bir muddat oldin tahririyatimizga kelib tushgan murojaatdan so‘ng holat rasmiylar bildirganidek emasligini, aksincha mahalliy aholining qo‘shni tumanga qatnovga qiynalayotgani yetmaganidek, daryo o‘zani aholi tomorqasi va ichki yo‘llariga yaqinlashib qolgani ayon bo‘ladi.

O‘z vaqtida esa Shahrisabz tumani hokimligi (ko‘prik Shahrisabz tumani Obodonlashtirish boshqarmasi hisobidagi ichki xo‘jalik yo‘llarini bog‘lab turgan) ko‘prikning qulab tushgani «aholi qatnoviga qiyinchilik tug‘dirmasligini, chunki qishloqda yana bitta ko‘prik bo‘lib, u soz holatda ekanini» bildirgan. Qisqa qilib aytganda, hokimlik munosabatida ko‘prikning qayta tiklanmasligiga shama qilinadi.

Bunday deyishimizga sabab, hokimlik yuqoridagiga qo‘shimcha, garchi bu aholi muammosini hal etmasada, ko‘prikning qurilish tarixiga biroz to‘xtalgan. Aytilishicha, asosini sel yuvib ketishi oqibatida qulagan ko‘prik 1985-yilida toshni maydalash zavodi tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan qum-shag‘al va tosh tashishga mo‘ljallangan og‘ir texnikalar o‘tishi uchun qurilgan. 2000-yilda zavod faoliyati tugatilgandan so‘ng ko‘prikdan mahalliy aholining kam qismi (ta’kid hokimlikniki, -tahr.) nisbatan yaqin yo‘l sifatida foydalanib kelgan.

1988-yilda esa aholi va transport qatnovi uchun hududda yana bir ko‘prik qurilgan. Ushbu ko‘prik ayni paytda texnik soz holatda va «Paxtakor», «Saroy» hamda Chiroqchi tumanining «Hayitko‘l» mahallalarini bog‘lab turuvchi ko‘prik hisoblanadi.

«Daryoning ikki tarafidagi fuqarolar bilan muloqot qilinganida ular qatnovga qiynalmasligi, mazkur qishloqda yana bitta ko‘prik borligi va u soz holatda ekanini ta’kidlashdi», – deyiladi hokimlik munosabatida.

Shu bilan birga Tanxoz daryosining ushbu qismida odatda (sel-toshqin holatlari kuzatilmaganida) bir-ikki metr enlikdagi suv oqib o‘tishi va bu aholining hayoti va harakatiga xavf tug‘dirmasligi ta’kidlanadi.

Ammo, lekin…

Biroq, tahririyatga kelib tushgan murojaatda aholi vakillari, jumladan Chiroqchi tumani Bolsevar qishlog‘i aholisi sel suvlarining qirg‘oqni yuvib ketishi natijasida daryo o‘zani uylariga yaqinlashib qolganidan havotirda. Ular, shuningdek ko‘prikka 4-5 yil oldin shikast yetib boshlagani, ammo mutasaddilar bunga panja orasidan qarab kelganini aytishadi.

«40 yildan buyon aholiga xizmat qilib kelgan ko‘prik nega bu ahvolga keldi? Nega buzildi? Bizga shuning sababini rasman bildirishsin-chi. Biz, aslida sabablarini bilamiz: ko‘prik daryo o‘zanidan doimiy va tartibsiz ravishda qum-shag‘alning qazib kelinishi «qurboni» bo‘ldi», – deydi mahalliy aholi vakillari.

Mazkur masalada Qashqadaryo viloyati Ekoboshqarmasi axborot xizmati rahbari Karima Yodgorova bilan bog‘landik.

Viloyat Ekoboshqarmasi rasmiysining bildirishicha, daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al mahsulotlarini noqonuniy tarzda kovlab olish holatlariga chek qo‘yish borasida muntazam ishlar olib boriladi. Jumladan, joriy yilning yanvar oyida aynan ko‘prik qulab tushgan hudud bo‘yicha ham o‘rganish olib borilgan va mahalliy aholi vakillaridan biri bo‘lgan A.Sh.ning Qashqadaryo daryosi o‘zanidan 1 168 metr kub va Tanxoz hamda Qashqadaryo daryolari suv muhofazasi zonalaridan 6 163 metr kub, jami esa 7 331 metr kub qum-shag‘al mahsulotini qazib olgani aniqlangan. Fuqaroning ushbu huquqbuzarligi ortidan tabiatga jami 1 mlrd 985,4 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisob-kitob qilingan. Mazkur holat yuzasidan esa to‘plangan hujjatlar viloyat ekoboshqarmasining 2024-yil 26-yanvardagi 02-13/144-sonli xati bilan viloyat prokuraturasiga  yuborilgan.

Chiroqchi tumani hokimligi ham daryoning qirg‘oq qismlari mustahkamlanayotganini bildirib, jumladan «daryo o‘zani ichiga qulab tushgan ko‘prikning beton qismlari maxsus texnikalar yordamida olinib, qirg‘oqni muhofaza qilish ishlari olib borilayotgani»ni aytgan.

«Daryo uzanida suv oqimiga qarshilik ko‘rsatayotgan ko‘prik qismlari suvning daryo qirg‘oqlariga urilishi va qirg‘oq qismini kengayishiga olib kelayotganligi aholini tashvishga solmoqda.

Aholi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda daryo qirg‘oqlarni muhofaza qilish va daryo uzani kengayib ketishini oldini olish yuzasidan chora tadbirlar belgilab olingani ma’lum qilindi», – deyiladi Chiroqchi tumani hokimligi xabarida. 

Shuningdek, tuman hokimligining «xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Bolsevar qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi sel yo‘lida qariyb 500 metrdan ortiq masofada kengaytirish, o‘zan tozalash va qirg‘oq mustahkamlash ishlari amalga oshirilgan.

Shahrisabz tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi G‘iyos Xoldorovning tahririyatga bildirishicha esa ayni kunlarda ko‘prikning qolgan qismini demontaj qilish ishlari ketyapti.

«Bu aholining xavfsizligi bilan bog‘liq. Ko‘prikni qayta tiklash masalasi esa, hozircha kun tartibida emas. Ma’lumki, bunga 7-8 mlrd so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Mahalliy budjetdan esa buncha mablag‘ni ajratishning imkoni yo‘q.

Biroq viloyat hokimligi bilan ko‘prikning ijtimoiy ahamiyati o‘rganilyapti. Agar o‘rganishlar natijasi ko‘prikni qayta tiklashni taqozo qilsa, bu uchun budjetdan mablag‘ ajratish choralari ko‘riladi», – deydi tuman yetakchi mutaxassisi.

Eslatib o‘tamiz!

Joriy yilning 1-mayidan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan edi.

Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, moratoriy davrida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring