Ozodbek Nazarbekov «Madaniyat va ma’rifat» telekanalini «o‘zlashtirish»da takliflar inobatga olinishini aytyapti
Bir muddat avval Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan project.gov.uz portalida «Madaniyat va ma’rifat» telekanali negizida «Karvon» telekanalini tashkil etishga oid Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib joylangani va bu ijtimoiy tarmoq faollari o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘layotgani haqida xabar qilingan edi.
«Madaniyat va ma’rifat» telekanali taqdiriga befarq bo‘lmaganlarning nega tomoshabinlari o‘rtasida o‘z o‘rnini topib borayotgan telekanal negizida, butun texnik bazasi bilan birga vazirlikka berib yuborilayotgani muhokama bo‘layotgani fonida Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning ushbu vaziyatga munosabati e’lon qilindi.
«Bu muhokama shunchaki oddiygina muhokamami yoki haqiqatda telekanalning taqdiri o‘ylantirayotgan insonlarmi? Agar telekanalning taqdiri o‘ylantirayotgan bo‘lsa, biz bilan hamkorlikka kirishing. Biz har qanday taklif, fikr, mulohazalarni qabul qilishga, eshitishga tayyormiz. Maqsadimiz mana shu xalqimizga ma’rifat ulashib turgan telekanalni yanada boyitib, yanada sifatliroq xizmat ko‘rsatishi tarafdorimiz», deydi madaniyat va turizm vaziri.
O‘z o‘rnida, «Madaniyat va ma’rifat» telekanali direktori Vohid Luqmonov ham holatga o‘z munosabatini bildirib, hujjat loyihasidan xabardor bo‘lgani va telekanal faoliyatini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar berilganiga qaramay, ular inobatga olinmagani haqida yozadi.
«Avvalo, «Madaniyat va ma’rifat» telekanali faoliyatiga oid hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganidan xabarimiz bor edi. Telekanal faoliyatini har tomonlama (g‘oyaviy-badiiy, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik jihatdan) rivojlantirish, telekanalni yanada ko‘rimli qilish bo‘yicha o‘zimizning aniq takliflarimizni bergan edik. Afsuski, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan Hujjat loyihasida bizning takliflarimiz inobatga olinmagan.
Bu Hujjat hali loyiha. Ishonamizki, bu Loyiha qizg‘in muhokama jarayonidan o‘tib, hammaning fikr-mulohazalari, taklif va g‘oyalari inobatga olingan holda, keng jamoatchilik kutayotgan Qarorga aylanadi», deydi Vohid Luqmonov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter