O‘zbekistonliklarning BAA hududidagi huquqiy himoyasi kuchaytirilishi mumkin

Parlament Quyi palatasi deputatlari bugun, 15-apreldagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024-yil 27-sentyabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Deputatlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanayotgani, xususan, bugungi kunga qadar davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo doirada ekstraditsiya, jinoyat ishlarida o‘zaro yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ikki tomonlama daromad solig‘idan ozod qilish, fan va texnika va boshqa sohalarda 31 ta hujjat imzolangani haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasida ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir tomon fuqarolarini boshqa tomon hududida uning fuqarolari bilan bir xildagi huquqiy himoyaga ega bo‘lish, fuqarolik va iqtisodiy masalalarda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ushbu tomon fuqarolari uchun belgilangan shartlarda murojaat qilish huquqi bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ikki davlat aholisining fuqarolik va iqtisodiy munosabatlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish va sud hujjatlarini tan olish kabi masalalarda huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilanyapti.
Mazkur Bitim O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, ushbu Bitim BAA delegetsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 2024-yil 17-sentyabr kuni Toshkent shahrida imzolangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter