Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik ekolog olim IUCN a’zosi bo‘ldi

O‘zbekistonlik ekolog olim IUCN a’zosi bo‘ldi

Ekologiya vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, texnika fanlari doktori Baxtiyor Po‘latov Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) iqlim inqirozi bo‘yicha komissiyasiga a’zo bo‘ldi.

Bu haqda ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Vazirlikning qayd etishicha, O‘zbekistonning komissiyaga a’zoligi xalqaro tashkilotlar va ilmiy ekspertlardan olingan eng yaxshi ilmiy ma’lumotlar va xulosalar asosida samarali, adolatli va ekologik toza yechimlarni ilgari surish imkonini beradi.

Iqlim inqirozi bo‘yicha komissiyasiga a’zo bo‘lish orqali O‘zbekiston ekologik va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global kun tartibini shakllantiradigan milliy tashabbuslarni xalqaro maydonda targ‘ib qilishi mumkin.

«So‘nggi yillarda O‘zbekiston IUCN bilan hamkorlikni faol oshirmoqda. Avvalroq, joriy yilning fevral oyida yurtimizdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida («Green University») Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining vakolatxonasi ochilgan edi», – deyiladi vazirlik xabarida. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021 yilda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqiga a’zo bo‘ldi. IUCN dunyodagi eng birinchi va eng yirik tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bo‘lib, hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan iborat. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega va butun dunyo bo‘ylab 1400 dan ortiq a’zo tashkilotlar va 16 000 dan ortiq ekspertlarning tajribasi, resurslari va imkoniyatlaridan foydalanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring