O‘zbekistonga olib kiriladigan ayrim mahsulotlar hajmiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinmoqda

O‘zbekistonga olib kiriladigan ayrim mahsulotlar hajmiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinmoqda. Bu boradagi Hukumatning tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hukumat mazkur qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan olib kelinadigan bir qator tovarlar uchun normalarni bekor qilmoqchi. Maishiy texnika, kompyuter va mobil qurilmalar, alkogol va tamaki mahsulotlari, atir, zargarlik buyumlaridan tashqari boshqa tovarlarni olib kelishdagi cheklovlarni olib tashlashni rejalashtirmoqda.
Hozirda O‘zbekistonga chegara postlari orqali mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tishda ham miqdoriy ham qiymat normalari joriy etilgan.
Shuningdek, mahsulotlarni mamlakat xududiga olib kirishda miqdoriy cheklovlar o‘rnatilganligi sababli, ularni «yashil yo‘lak» orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazish imkonsiz bo‘lib, barcha jismoniy shaxslar «qizil yo‘lak» orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmoqda.
Xorijiy davlatlarda mahsulotlarni chegara postlaridan olib o‘tishda son va miqdoriy cheklovlar o‘rnatilmagan va faqat mahsulotlarning umumiy qiymatiga cheklov belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda jahondagi oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi sharoitida aholini ijtimoiy ahamiyatga ega birlamchi mahsulotlar bilan ta’minlash, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshib ketishini oldini olish, mamlakat fuqarolariga shaxsiy ehtiyojlari uchun mahsulotlarni olib kirishga shart-sharoit yaratish maqsadida, mazkur hujjat loyihasi bilan Hukumatning 463-son qarori ilovasidan 20 va 21 bandlar chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
Ma’lumot uchun, Hukumatning amalda bщlib turgan 2018 yil 22 iyundagi 463-son qarori bilan jismoniy shaxslar uchun mamlakatga olib kiriladigan mahsulotlar xajmiga cheklovlar o‘rnatilgan.
Misol uchun, yuqoridagi qaror ilovasining 21-bandiga muvofiq, mamlakatga boshqa turdagi mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz, ammo har bir nomdagi tovardan 2 kg (bo‘linmaydigan tovarlar bundan mustasno), umumiy og‘irlik 10 kilogrammgacha bo‘lgan hajmda olib kirish mumkin.
Shuningdek, Prezidentning 2018 yil 8 fevraldagi PQ-3512-son qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga avtoyo‘l (piyoda) bojxona chegaralari o‘tish punktlari orqali 300 (uch yuz) AQSh dollarigacha bo‘lgan mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz olib o‘tish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter