O‘zbekistonda yana bir ko‘l Ramsar konvensiyasiga kiritildi
O‘zbekiston delegatsiyasining Shveysariyaga rasmiy tashrifi doirasida Sudoche ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Tegishli sertifikat asosan, suv qushlarining yashash muhiti sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlari to‘g‘risidagi konvensiya Bosh kotibi M.Mumba tomonidan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovga topshirdi.
Sudoche ko‘li O‘zbekistonning Ramsar konvensiyasiga kiritilgan 4-ob’yekti bo‘lib, bunga qadar Dengizko‘l 2001-yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008-yilda va To‘dako‘l hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda Ramsar ro‘yxatidan joy olgan.
«Suv qushlarining ko‘chmanchi turlarini saqlashda suv-botqoq yerlarining ahamiyati kata. Bu hududlar karbonat angidridni o‘ziga singdirib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatadi, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega», – deydi Aziz Abduhakimov.
O‘z navbatida Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi O‘zbekistonning Ramsar ob’yektlarini saqlash bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Mumba xonim Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning uchta yirik tadbiri – cho‘llanish bo‘yicha global tadbir, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi va Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.
Qayd etilishicha, Sudoche ko‘lida 24 turdagi baliq, 230 turdagi qush (118 ta gidrofil tur) bo‘lib, shundan 24 turi Xalqaro Qizil kitobga (12 tur) va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, ko‘lda 30 turdagi sutemizuvchilar ham bor (shundan 2 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga va 3 turi Xalqaro Qizil kitobiga kiritilgan).
Sudoche ko‘li bahor-kuz davrida suv qushlarining ommaviy konsentratsiyasi joyi sifatida juda muhim rol o‘ynaydi. Suv havzasida bahorgi migratsiya davrida qushlar soni 100 mingdan oshadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter