O‘zbekistonda har yili 14,5 mln tonnagacha maishiy chiqindi hosil bo‘ladi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarning yillik hosil bo‘lish hajmining prognozi 14-14,5 mln tonnani tashkil qiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxitbay Aldamuratov ma’lum qildi.
Deputatning e’tibor qaratishicha,ayni vaqtdagi ko‘rsatkich aholining o‘rtacha 1,5 foizga ko‘payish sur’atini hisobga olganda, 2028-yilga borib 16-16,7 mln. tonnaga yetishi mumkin.
«Mamlakatimizda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalasi butun dunyodagi kabi dolzarbdir. Ularning hosil bo‘lishi ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lib, ulardan ko‘proq ahamiyatga egalari aholi daromadi, iste’molchilarning hatti-harakati, bozorda yangi qadoqlangan mahsulotlarning paydo bo‘lishi va demografik ko‘rsatkichlar hisoblanadi», – deydi deputat.
Ma’lumot uchun, joriy yil 11-avgust kuni Prezidentning «Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Mazkur hujjat bilan sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat va imtiyozlar berilmoqda.
Xususan, farmon chiqindilarni boshqarish tizimini eski kommunal sohaning budjet mablag‘lariga suyanib qolgan dotatsiyadagi bir qismi sifatida emas, balki ulardan daromad manbai sifatida foydalanuvchilarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy asoslarni belgilab berishga yo‘naltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter