Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ayollarning 59 foizi oilada zo‘ravonlik va kamsitilishlarga duch kelmagan – tadqiqot

O‘zbekistonda ayollarning 59 foizi oilada zo‘ravonlik va kamsitilishlarga duch kelmagan – tadqiqot

«Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti «Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini o‘rganish» mavzusida tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot ob’yekti sifatida 18–50 yosh oralig‘idagi xotin-qizlar va ularning huquqiy madaniyati darajasi olindi. Jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy savodxonligi darajasi yuqori yoki pastligining asosiy sabablari sifatida an’anaviy turmush tarzi, yashash hududi (qishloq), ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti, oila tipi, jamiyatdagi ustuvor qadriyat va me’yorlarga bog‘liq bo‘lganligi inobatga olingan holda xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirishning samaradorligiga ta’sir etuvchi omillar, muammolar va to‘siqlar o‘rganildi.

Hududlar bo‘yicha esa mamlakatning geografik-madaniy bo‘linishi hisobga olingan va shunga ko‘ra – Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri tanlangan.

Tadqiqotga jami 800 kishi jalb etildi. Tadqiqotga jalb etilgan xotin-qizlarning 440 nafari, ya’ni 55,2 foizini shahar, 357 nafari, ya’ni 44,8 foizini esa qishloq joylarida istiqomat qiluvchi respondentlar tashkil etdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra:

  • «Siz odatda qanday holatlarda huquqiy ma’lumotga muhtojlik sezasiz?» savoliga respondentlarning eng ko‘p qismi – 22,7 foizi bank va moliya masalasida huquqiy bilimlari yetishmasligini ma’lum qilishgan;
  • «Oilangizda sizga nisbatan turmush o‘rtog‘ingiz tomonidan eismoniy kuch yoki haqoratli so‘zlar (so‘kishlar) qo‘llaniladimi?» savoliga respondentlarning 59 foizi bunday munosabat ko‘rmasligini ma’lum qilgan. 25 foizi esa ushbu savolga «Ha» deb javob bergan. Hududlar kesimida esa oilada zo‘ravonlikka duchor bo‘lish holatlari Sirdaryo (66 foiz) va Samarqand (50 foiz) viloyatlarida qayd qilingan;
  • «Oiladagi haq-huquqingiz buzilganda yoki poymol bo‘lganda kimga surojaat qilasiz?» savoliga respondentlarning 45,8 foizi o‘zlari hal qilishini aytib javob bergan. Qolganlari esa – mahallaga (15 foiz), ota-onasiga (14,4 foiz) va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (9,9 foiz) surojaat qilishlarini bildirgan;
  • «Ish joyingizda qonun buzilishi va huquqni poymol qilish holatlari kuzatiladimi?» savoliga respondentlarning 32,8 foizi javob berishi qiyinligini aytgan bo‘lsa, 29,4 foizi barcha xodimlarga nisbatan bu holatlar kuzatilishini bildirgan;
  • «Biror tashkilotga ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilganmisiz?» savoliga respondentlarning 63,7 foizi mazkur harakatlarga qo‘l urishmaganini aytgan.

Ilmiy-tadqiqot instituti xulosasiga ko‘ra, o‘tkazilgan so‘rovnomalar qator omillar bilan birgalikda tahlil qilinganda O‘zbekistonda ayollar orasida huquqiy savodxonlik darajasi yuqori darajadan ancha past ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, olingan natijalarning viloyatlar, yosh va ma’lumotlilik darajasiga ko‘ra tahlili umumiy natijaga yaqin ekanligi aniqlandi. Aksariyat respondentlar qonun va huquq tushunchalarini erkinlikning ta’minlanishi hamda adolatning o‘rnatilishi sifatida talqin qilishgan. Burch esa, eng avvalo, ularning jamiyat, davlat va atrofdagi insonlar oldida bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring