Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: hamkorlik borasidagi 10 fakt

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: hamkorlik borasidagi 10 fakt

Фото: Prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 17-18-avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda. Tashrif arafasida ikki mamlakat hamkorligiga oid 10 ta muhim faktni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

  1. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni jug‘rofiy jihatdan uzoq masofada joylashgan bo‘lsa-da, ularni umumiy tarix, mushtarak diniy-ma’rifiy qadriyatlar va uyg‘un madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Podshohlik O‘zbekiston davlat mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan olgan. 1992-yil 20-fevral kuni diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. 1995-yil mayda Riyozda O‘zbekiston elchixonasi, 1997-yil martda Toshkentda Saudiya Arabistoni elchixonasi faoliyat boshlagan.
  2. Ikki davlat xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda bir-birini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 2019-yilda Saudiya Arabistoni O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasida qabul qilingan «Ma’rifat va va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyusiyasining hammuallifi bo‘ldi, 2020-yilda O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha kengashga saylanishi hamda mamlakatimizning boshqa muhim tashabbuslarini yoqlab ovoz berdi. 
    O‘zbekiston, o‘z navbatida, BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasi, Ijtimoiy-iqtisodiy kengashi, Inson huquqlari kengashi, Bolalar huquqlari qo‘mitasi, YuNESKO Ijroiya kengashi, Umumjahon meros qo‘mitasi va «Axborot barcha uchun» dasturi hukumatlararo kengashi a’zoligiga Saudiya Arabistoni nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.
  1. Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyoti turli tarmoqlariga sarmoyalar kiritishi 2017-2021-yillarda jadal tus oldi. Bugungi kunda mamlakatimizda Saudiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan 38 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 20 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya asosida tashkil etilgan bo‘lsa, 18 tasi qo‘shma korxona hisoblanadi. 2022-yil davomida o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan bir necha baravarga oshdi.

  1. 2017-yil 21-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulazizning taklifiga binoan mazkur davlatda bo‘lib, Arab-musulmon va AQSh sammitida ishtirok etdi. Mazkur mashvarat islom dini nufuzini yanada oshirish, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirish, terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashda muhim omil bo‘ldi.
  2. Joriy yil 20-fevral kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov saudiyalik hamkasbi shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudga tabrik yo‘lladi. Maktubda rasmiy Toshkent Riyoz bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirilgan.
  3. 2020-yil sentyabr oyida Riyoz shahrida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Saudiya elektron universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Podshoh Abdulaziz universiteti ham hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. 2021-yil O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
  4. 2022-yil mart oyida Toshkentda savdo, iqtisodiyot, investitsiya, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 5-yig‘ilishida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston tarafidan bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Saudiya Arabistoni tomonidan esa investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih raislik qildi. Tadbir davomida ikki mamlakat vakillari ustuvor yo‘nalishlarda robitalarni kengaytirish uchun ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini e’tirof etib, ko‘pqirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqlik izhor etdi.

  1. 2021-yil 27-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bir qator xorijlik diplomatlar qatorida Saudiya Arabistoni elchisi Yusuf al-Utaybiydan ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi. Davlatimiz rahbari podshoh Salmon Ol Saud va valiahd Muhammad Ol Saud bilan uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlar rivojiga ijobiy sur’at bag‘ishlayotganini ta’kidladi.
  2. 2021-yil 16-iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro anjuman doirasida Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxonni qabul qildi. Saudiya tomoni O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
  3. 2021-yil 17-dekabr kuni Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (ShES) loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi. Qiymati 108 million dollarga teng loyiha doirasida 400 mln kVt/soat miqdorda ekologik toza elektr ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Qorao‘zakdagi ShES ikki davlat o‘rtasida energetika sohasidagi ulkan loyihalarning bir qismi sanaladi. 2020 yil mart oyida mamlakatimiz energetika vazirligi hamda «ACWA Power» kompaniyasi o‘rtasida 2 milliard dollarli uch bitim imzolangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev shamol elektr stansiyasiga tamal toshi qo‘yar ekan, loyihani yashil energiya bo‘yicha «birinchi qaldirg‘och» deb atadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring