O‘zbekiston-Qozog‘iston: jami nechta oliy darajadagi tashriflar bo‘lgani aytildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2016-yildan buyon oliy darajada 13 dan ortiq o‘zaro tashriflar amalga oshirilgan. 1991-yildan 2016-yilga qadar esa 23 marta.
Ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari esa o‘nggi besh yilda 30 martadan ziyod bo‘lib o‘tgan. 2022-yilning o‘zida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari bir qator ikki tomonlama tadbirlarda ishtirok etdi. Xususan, qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi (4-5-fevral, Pekin), Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi (21-iyul, Cholpon-Ota), MDHning norasmiy sammiti (7-oktyabr, Sankt-Peterburg), ShHT, TDTning Samarqanddagi sammitlari, Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo + Yevropa Ittifoqi OHIChK va boshqalar.
Qozog‘iston 2013-yilda O‘zbekiston strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan Markaziy Osiyodagi ilk mamlakat hisoblanadi. Prezident Mirziyoyevning 2021-yil 5-6-dekabrdagi Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida tomonlar Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolab, o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama hamkorlik, tenglik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish, davlatlarning mustaqilligini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish asosida qurmoqda.
Shu bilan birga, ikki davlat rahbarlari ikki tomonlama aloqalarni siyosiy, iqtisodiy, investitsiya, fan-texnika, madaniy-gumanitar sohalarda yanada kompleks rivojlantirish, oliy, yuqori va boshqa darajalarda konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqotni kengaytirish tarafdori.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik rivojlangan shartnomaviy-huquqiy bazaga ega bo‘lib, 245 ta hujjatni o‘z ichiga oladi. Shu jumladan: davlatlararo xarakterdagi 12 ta xalqaro shartnoma, hukumatlararo xarakterdagi 82 ta xalqaro shartnoma, idoralararo xarakterdagi 65 ta xalqaro shartnoma, 86 ta boshqa hujjatlar.
Asosiy hujjatlar esa 2013-yil 14-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2021-yil 6-dekabrda qabul qilingan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya hisobalanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter