O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga qo‘shilyapti

Senatning beshinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006-yil 12-yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishdir.
Mazkur hujjatga ko‘ra, ushbu bank o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshirishi, shuningdek, Bank nizomi ushbu Bitimga ilova qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Bank Nizomida Yevroosiyo taraqqiyot banki faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.
Bundan tashqari, Yevroosiyo taraqkiyot banki ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashi, tizimlashtirishi va tahlil qilishi belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratishga, uning faoliyati doirasida to‘liq va samarali ishtirok etish huquqini ta’minlashga, shuningdek Bankga a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashishga, savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter