Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston BMTning dinlararo bag‘rikenglik rezolyusiyasi hammuallifi bo‘ldi

O‘zbekiston BMTning dinlararo bag‘rikenglik rezolyusiyasi hammuallifi bo‘ldi

Joriy yilning 25 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining yalpi majlisida «Nafrat so‘zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash» rezolyusiyasi konsensus asosida qabul qilindi. Rezolyusiya har ikki yilda, an’anaviy ravishda Marokash delegatsiyasi tashabbusi bilan qabul qilinadi.

Rezolyusiya 49 ta davlat tomonidan tayyorlandi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor.

Shuningdek, rezolyusiyani tayyorlashda Turkiya, Ozarboyjon, Xitoy, Pokiston, Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Misr, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni, Qatar va Quvayt, ayrim Afrika davlatlari, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari hammuallif sifatida qatnashdi.

Rezolyusiyada Qur’onni tahqirlash holatlari, diniy kamsitish, nafrat va zo‘ravonlik holatlari ko‘payganidan xavotir bildirilgan. Ularni amalga oshirgan shaxslar kim bo‘lishidan qat’i nazar, islomofobiyadan motivatsiya olgani qayd etilgan.

Rezolyusiyaning asosiy maqsadi va chorlovi – diniy ramzlar, muqaddas kitoblar, uy-joy, korxonalar, mulk, maktablar, madaniyat markazlari yoki ibodat joylariga qarshi qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarini, shuningdek, xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda diniy obidalar, diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga hujumlarni qoralashdan iborat.

Rezolyusiya bilan har yili fevral oyining birinchi haftasini barcha dinlar, konfessiyalar va konfessiyalar o‘rtasida uyg‘un konfessiyalararo munosabatlar Butunjahon haftaligi deb e’lon qilinishi qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring