Osiyo o‘yinlari mezbonligi Bahraynga topshirilgani sababi ma’lum bo‘ldi
2025-yili bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari mezbonligi O‘zbekistondan Bahraynga o‘tkazildi.
Ushbu yirik tadbirga mezbonlikni o‘tkazishni so‘rab O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyo olimpiya kengashiga tegishli xat yuborgan. Xatda bunga sabab sifatida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi o‘z vaqtida yakunlanmasligi ko‘rsatilgan.
Mazkur qaror Osiyo olimpiya kengashi tomonidan rasman e’lon qilindi.
«Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi kechikib ketgani hamda shu sababli O‘zbekiston musobaqani o‘tkazishdan bosh tortgani uchun shunday qaror qabul qilindi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Bahrayn olimpiya qo‘mitasi barcha zarur sport inshootlari, turar joy va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlab, musobaqani o‘tkazishga to‘liq tayyorligini ma’lum qilgan. Qo‘mita bosh kotibi Faris Al-Kuxayji o‘yinlar mamlakat rahbariyati, jumladan, Olimpiya qo‘mitasi prezidenti, Shayx Xolid bin Hamad Al-Xalifa hazratlarining har tomonlama ko‘magida o‘tkazilishini ta’kidlagan.
Bahrayn, jumladan, 2024-yil oktyabr oyida 5000 dan ortiq ishtirokchini qamrab olgan Xalqaro maktab sporti federatsiyasi (ISF) gimnaziadasini ham muvaffaqiyatli o‘tkazgan edi.
«OOK O‘zbekistonga amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari uchun minnatdorlik bildirib, mamlakat kelajakda muhim sport tadbirlarini o‘tkazishga qodir bo‘lishiga ishonch bildiradi», – deyiladi Kengash bayonotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter