Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnat ta’tilida ham ishga chiqdim: maoshim qanday hisoblanadi?

Mehnat ta’tilida ham ishga chiqdim: maoshim qanday hisoblanadi?

Savol: mehnat ta’tilida ham ishga chiqdim. Endi maoshim qanday hisoblanadi?

Siz ta’til vaqtida ta’tildan chaqirib olinib ishlagan bo‘lsangiz kerak.  «Yillik mehnat ta’tili vaqtida saqlanib qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnomaning 21-bandiga ko‘ra, xodim ta’tildan chaqirib olinsa va ta’tilning qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chirilsa, ta’tilning ko‘chirilgan kunlariga to‘g‘ri keladigan to‘langan o‘rtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi. Ta’tilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq to‘lash uchun o‘rtacha ish haqi belgilangan tartibda hisoblab chiqiladi.

Bu qoidaning mazmuni shuki, agar xodim mehnat ta’tilidan chaqirtirib olinsa va ta’tilning qolgan qismi shu ish yilining boshqa vaqtiga ko‘chirilsa, ta’tilning o‘sha foydalanilmagan qismi uchun to‘langan ta’til puli xodimning ta’tildan chaqirib olingandan keyingi ishlagan vaqti uchun to‘lanadigan ish haqi o‘rniga o‘tadi.

Ya’ni, xodim keyingi, foydalanilmagan ta’til qismiga teng bo‘lgan ishlaydigan vaqti uchun alohida ish haqi olmaydi. Ta’til pulining foydalanilmay qolgan ta’til kuniga to‘g‘ri keladigan qismi o‘sha ish haqining o‘rniga o‘tadi.

Bu qoida budjet tashkilotlari uchun majburiy qoida hisoblanadi.

Savol: masalan, xodim 30 aprel (Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirgan sana)ga qadar mehnat ta’tilini qismlarga bo‘lib oldi. Avgust oyiga kelib xodim qolgan mehnat ta’tilini olmoqchi. Bunda mehnat ta’tili kunlari qanday hisoblanadi?

Eski Mehnat kodeksining 146-moddasiga ko‘ra, xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida ta’tilni qismlarga bo‘lishga yo‘l qo‘yilgan. Bunda ta’tilning bir qismi o‘n ikki ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim edi. Sizning holatda xodim 30 aprelgacha ya’ni Yangi Mehnat kodeksi kuchga kirgunga qadar ta’tilning ma’lum bir qismini olib bo‘lgan. Endi Yangi kodeksda tartib qanday? Yangi Mehnat kodeksi 231-moddasiga ko‘ra, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ushbu ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Demak, xodimga ta’tilning qolib ketgan 12 ish kunini 14 kalendar kun hisobida berasiz.

MK 220-moddasi bo‘yicha 8 kalendar kungacha qo‘shimcha mehnat ta’tili hamda MK 401-moddasi bo‘yicha 4 kalendar kun ta’tilni ham berasiz.

Savol: o‘rindoshlik asosida ishlaydigan joyimdan «dekret ta’tili» puli olsam bo‘ladimi?

«Dekret ta’tili» yoki «dekret» aslida norasmiy og‘zaki ifoda bo‘lib, bunda odatda ikkita davr: homiladorlik va tug‘ish ta’tillari hamda bola uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar nazarda tutiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qaroriga ilova «O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 18-19-bandlariga ko‘ra, o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.

«Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 19-bandiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi ushbu Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.

Demak, Siz asosiy ish joyingizdan ham, o‘rindoshlik asosidagi ish joyingizdan ham homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egasiz. Bu mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashqilotlarga ya’ni xususiy sektorga ham taalluqli. Diqqat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 49-3-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha (4 million 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha (9 million 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bola parvarishlash nafaqasi esa o‘rindoshlik joyidan berilmaydi, faqat budjetdan tashqari bo‘lgan asosiy ish joyidan beriladi. Diqqat, bola parvarishlash nafaqasi budjet tashkilotlarida to‘lanmaydi.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring