Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Bugun, 31 oktyabr kuni Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyasiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.

Inflyasiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyasiya omillari bo‘yicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, 2024 yil sentyabr oyida umumiy inflyasiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyasiya dinamikasi yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga o‘tishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ta’sirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.

Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyasiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganligini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari hamda inflyasiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyasion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.

Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyasion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyasiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 12 dekabrga belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring