Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarni «yulduz» qilayotgan voqealar sababi nima: nosoz tizim yoki bilimsizlik?

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali maktablarda sodir bo‘layotgan turli ko‘ngilsiz holatlar, shuningdek, ta’lim sifatiga oid salbiy fikrlar aks etgan ma’lumotlarga bot-bot duch kelyapmiz.

Ularning ayrimlarida bu holatlarga sabab qilib mavjud ta’lim tizimi ko‘rsatilsa, ayrimlarida oiladagi sayoz tarbiyaning hosilasi ekanligi aytiladi. Aslida O‘zbekistonda bu tizim sifati qanday, maktablarda ta’lim muhimmi yoki tarbiya? Nega maktablarda umumiy bilim darajasi kutilganidan past?

Xabar.uz yuqoridagi muammoli masalalar yuzasidan aholi vakillari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, ularga ayrim savollar bilan yuzlandi.

O‘zbekistondagi ta’lim sifatini birdan beshgacha baholang?

Bu savol bilan yurtdoshlarimizga yuzlanganimizda ularning ko‘pchiligi ta’lim sifatiga qoniqarsiz baho berdi. Nozima Ibodullayeva (talaba) bizda o‘qitish tizimi ancha pastligini, o‘zi o‘qigan maktabda ham dars berish yaxshi bo‘lmaganini, oliygohda ham barchasi qoniqarli emasligini aytdi.

«O‘quv qo‘llanmalari yaxshi yozilgan. Agar ayrim qonunlar ham amalda qo‘llansa, «5» baho bo‘ladi», –deydi kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Begzod Tolipov.

Mansur Matjonov esa tizimga «2» baho berib, bir tomondan talabalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi susaygani, ularning aksariyati faqat ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirish bilan band ekanligi bilan ayblayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ta’lim beruvchi nuqtai nazaridan pedagogika mutaxassislariga amaliyot yetishmayotganligi va ikkala tarafda ham kamchiliklar yetarli ekanini ta’kidlayapti.
Ba’zi yurtdoshlarimiz esa hammasi yaxshiligini, ta’lim sifati «5» bahoga ham arzishini aytib o‘tishdi.

Maktablarimizda ta’lim muhimmi yoki tarbiya?

«Avvalo, albatta ta’lim. Keyin esa tarbiya. Aslida tarbiya uydan, oiladan boshlanishi kerak. Umuman olganda o‘qish uchun kelayotgan shaxs tarbiyali bo‘lishi kerak», – deydi O‘tkir Sattorov.

Ba’zilarning fikriga qaraganda esa ikkalasi ham muhim. Tarbiya birinchi o‘rinda oilada, keyinchalik maktabda ham o‘rgatilishi lozim.

«Menimcha, maktabda tarbiya ko‘proq muhim deb o‘ylayman. Tarbiya yaxshi bo‘lsa, ta’limning o‘zi shakllanib ketaveradi», – deydi avtochilangar bo‘lib ishlaydigan Sanjar Mannonov.

Joriy o‘quv yili avvalida OTMga imtihon topshirgan 1,74 mln nafarga yaqin abituriyentdan 550 ming nafari (51,2 foiz) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 ballni ham to‘play olishmagan.

Muammo nimada: ta’lim tizimidami yoki abituriyentlarning o‘zida?

«Bunga sabablar ko‘p deb o‘ylayman. Masalan, dars berayotgan o‘qituvchilarning bilim saviyasi, o‘quvchilarning qabul qilishi va ularning ota-ona nazoratisiz qolishi, oilaviy muhit – hammasining o‘z ta’siri bor», – deydi Mansur Matjonov.

Yurtdoshlarimizning ayrimlariga ko‘ra esa barchasiga abituriyentlar aybdor, ta’limda muammo yo‘q. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Bekzod Tolipov ham ayrim tarbiyasiz o‘quvchilar sabab o‘qituvchilar sinfxonadagi boshqa o‘quvchilarga yetarlicha bilim bera olmayotganini aytadi.

«Avvalo, hamma narsa insonning o‘ziga bog‘liq. Agar astoydil qiziqishi, maqsadi bo‘lsa, o‘sha narsaga albatta erishadi», – deydi Husan Tilomov ham.

Yuqoridagi savollar bilan yuzlanganimizda so‘rovnoma ishtirokchilari o‘z dunyoqarashidan kelib chiqib fikr bildirmoqda. Balki ta’lim tizimi va sifati uchun har bir fuqaro jiddiy qayg‘ursa, e’tibor qaratsa, yuqorida aytganimiz – sohada turli ko‘ngilsiz holatlar soni kamayarmidi...

Nima bo‘lganda ham xulosa qilishni o‘zingizga qoldiramiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring