Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mahalla budjeti» tizimi aholi uchun qanday imkoniyatlarni yaratadi?

«Mahalla budjeti» tizimi aholi uchun qanday imkoniyatlarni yaratadi?

Foto: Xabar.uz

Azal-azaldan O‘zbekistonda mahalla tizimi aholini uyushtirgan markaz hisoblangan, har bir insonning muammolarini hal qilishda yordam bergan. Mahalla umumiy qadriyatlar va urf-odatlarga asoslangan, shu bois  jamoat hayotida, madaniyatida muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda mahallada aholi hayotini yaxshilash, daromadlarini oshirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan xayrli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy, madaniy, shuningdek asosiy ehtiyojlarni qondirish bunga misol bo‘la oladi.

Masalan, aholining muhtoj qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi — «Temir daftar» allaqachon o‘z natijalarini ko‘rsatdi: ish bilan ta’minlanganlar 100,2 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 34,0 ming nafar kishi o‘z tadbirkorligini boshladi, ulardan 21,9 ming oila oilaviy biznesni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha kredit oldi. Ya’ni 330,9 ming nafar fuqaro o‘zini ish bilan ta’minladi, 80,5 ming nafari qishloq xo‘jaligi ishlari bilan band (ikkilamchi ekinlar va kooperatsiyalar) va 137,0 ming nafari boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, 13,3 ming fuqaro kasbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi  ishsizlar uchun ish o‘rinlarini topish, o‘z ishini tashkil etishda ko‘mak berish, tadbirkorlrning ehtiyojlari uchun kredit olish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olmayotganlarni qayta tayyorlash orqali aholining moliyaviy ahvolini yaxshilashga qaratilgan. Bu aholiga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lish va yashash sharoitlarini yaxshilash uchun imkon yaratadi.

Bugungi kunda mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 9308 nafar hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda. Bu esa fuqarolarning mahalla bilan munosabati yaqinlashishiga, har bir kishining murojaati izchil o‘rganilishiga, muammolar joyida hal qilinishiga asos bo‘lmoqda.

Prezidentning parlamentga yo‘llagan murojaatnomasidagi «Mahalla budjeti» tizimini joriy etish to‘g‘risidagi tashabbus mahallaning o‘zidayoq ko‘plab muammolarni hal qilishga imkon beradi. Bu fuqarolarning turli masalalar: obodonlashtirish, moddiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi, shuningdek, mablag‘ talab qiluvchi masalalar endi mahalla ixtiyoriga o‘tadi. Bu mablag‘lar o‘sib kelayotgan avlod bo‘sh vaqtini sifatli o‘tkazishi, jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun kutubxonalar, sport maydonchalari tashkil etishga yo‘naltiriladi.

Ehtiyojmand aholiga arzon uy-joy qurish tashabbusi alohida e’tibor va e’tirofga loyiq. Kelgusi yilda yangi uy-joy qurilishi hajmi 1,5 barobarga oshiriladi, bu esa 90 ming xonadon va yakka tartibdagi uy-joylar degani. Imtiyozli ipoteka krediti tizimi moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lmagan odamlarga yordam beradi. Mavjud qurilish dasturi natijasida 2020 yilda 30 ming arzon uy-joy qurildi. Kelgusi yilda Toshkent viloyatida uy-joyga muhtoj aholi qatlami va yosh oilalarga imtiyozli shartlarda uy-joy olish imkonini beruvchi «Mening birinchi uyim» yangi ipoteka dasturi amalga oshiriladi.

Aholining birlamchi ehtiyojlari – uy-joy, ish joyi, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish, yashash joyidagi qulayliklarni ta’minlash barcha islohotlar markazidan o‘rin egallagan va mahalladagi totuvlik, tinchlik, tarbiya va ma’rifatning strategik ahamiyati odamlarning hayot tarziga bevosita ta’sir o‘tkazadi.

Ko‘plab vakolatlarni mahallaga o‘tkazish allaqachon o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish, jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlash, aholi farovonligini oshirish —ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar mahalladagi ijtimoiy tizimning katta qismini tashkil qiladi. Bunday tizim mahallani mustahkamlash uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Mahalla aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtiruvchi jamoat institutidir. Bu institut har qanday muammoni yuqori darajada hal qilish, har bir aniq holatga maqsadli yondashish, har bir vaziyatda samarali choralarni aniqlash imkonini beradi.

Viktoriya Alekseyeva,

ijtimoiy fanlar nomzodi, professor v.b.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring