Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – nomzod dasturi markazida

 Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – nomzod dasturi markazida

Avvalo shunga e’tibor beraylik: agar mamlakatda qonun ishlamasa, davlat qonun talabi asosida faoliyat yuritmasa, xalq qonundan madad kutmay qo‘ysa, bunday davlatni huquqiy davlat deb bo‘ladimi?! Yo‘q, albatta.

Biz doimo ta’kidlab kelganimizdek, jamiyatni, davlatni faqat va faqat qonun boshqaradi. Agar hamma Konstitutsiyaga, qonunlarga birdek itoat etsa, tabiiyki, jamiyatda qonunbuzilish holatlari sodir bo‘lmaydi. Birgina misol: yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 47-moddasida, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi normaning belgilangani, ilgari ba’zi vakolatli mansabdor shaxslarning asossiz qarori  bilan  uy-joyidan mahrum etilish holatlariga qat’iy chek qo‘ydi.  

Tabiiyki, bunday holatlar, ilgari xalqning Konstitutsiya va qonunlarga, davlatning huquq ustuvorligiga asoslanib ish olib borishga nisbatan ishonchsizlik holatini yuzaga keltirgan. Shu maqsadda, xalqning hayotida uchrab turadigan qonun buzilish holatlarning oldini olish maqsadida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, har bir kiritilgan qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalda ishlashi, mazkur salbiy holatlarning yuz bermasligining oldini olishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadiga aylangan. Xalqni rozi qilish, uning huquqlari, ekrinliklari, manfaatlarini himoya qilish davlat organining, uning mansabdor shaxsining faoliyati mazmuniga aylanishi lozim. Shundagina xaqlning davlatga, uning organlariga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi.

Albatta, hammamiz guvohi bo‘layotganimizdek, joriy yilning 9 iyulida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi munosabati bilan qizg‘in saylovoldi tashviqotlari boshlanib ketdi. Har bir nomzod o‘zining ishonchli vakillari bilan birgalikda joylarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish masalasi o‘zining dasturi bilan chiqayogan nomzodlarga bevosita bog‘liq hisoblanadi. Xalqimiz bejizga «Nima eksang, shuni o‘rasan!» deb aytmagan. Oddiy so‘z bilan aytganda, nomzod saylovchini o‘z dasturiga ishontira olsa, ovoz berish kuni ham uning saylovlarda g‘olib bo‘lish imkoniyati yanada kengayadi.

Shu o‘rinda «Adolat» SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda huquqiy davlat, Konstitutsiya va qonun ustuvorligi kabi masalalarga keng o‘rin berilganiga guvohi bo‘lamiz.

Xo‘sh, bu nimalarda namoyon bo‘ladi?

E’tibor qaratadigan bo‘lsak,  nomzod tomonidan Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston Respublikasi huquqiy davlatdir, degan qoida o‘z ifodasini topganligi, Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3,5 barobar ko‘payganligi, mamlakatda qonun asosida yashash hayot tarziga aylanishi hamda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlash shartligi masalalariga o‘z dasturida alohida urg‘u bergan.

Qolaversa, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida birinchi galda, sudlar mustaqilligini ta’minlash, sudyalar sonini ko‘paytirish, ularning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, inson huquqlarini ta’minlash va uni munosib himoya qilishda advokatura institutining o‘rni va roli kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligiga to‘xtalib o‘tgan.

Ta’kidlanganidek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ish uslubini o‘zgartirish, xususan, ular faoliyatidagi hali-hanuz saqlanib qolayotgan ayrim eskicha yondashuvlarni bartaraf qilish, yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, jazolash g‘oyasidan adolat, tenglik, erkinlik g‘oyalariga o‘tish zarurdir.

Birgina misol: inson huquqi oliy qadriyat ekanliigdan kelib chiqib, 2007–2015 yillarda sudlar tomonidan 688 354 nafar shaxsga nisbatan 498 730 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, atigi 110 ta shaxs oqlangan bo‘lsa, 2016–2022 yillarda 418 992 nafar shaxsga nisbatan 322 531 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va shundan 4 764 nafar shaxs oqlangan. Bu haqiqiy ma’noda davlatning adolatparvar, xalqparvar davlat ekanligidan dalolat beradi.

Huquqiy davlat – bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, hokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro mas’ulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.

E’tibor qarating, Konstitutsiyada mavjud bo‘lgan normalar jamiyatdagi muhim muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solsagina, inson manfaatlariga xizmat qilsagina, uning yuridik kuchi, ta’siri seziladi va e’tirof etiladi. Konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri ham xalqning konstitutsiyaga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish hamda konstitutsiyaviy yo‘l bilan ularning hayotiy masalayu, muammolarini hal etishga xizmat qiladi. Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi davlat organlari va fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishi va rioya etishini ko‘zda tutadi.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, 2022 yilda Konstitutsiyaviy sud tomonidan jami 979 ta normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligi o‘rganib chiqilgan. Ya’ni 59 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 61 ta farmoni, 218 qarori, 12 farmoyishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining 11 ta qonuni, Vazirlar Mahkamasining 605 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 13 ta buyrug‘i shular jumlasidandir. Yakunda esa Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlarigiga nisbatan huquqiy baho berilgan.

Xulosa qilib aytganda,  har bir shaxsning huquqlari oliy darajada ta’minlangan davlatda, jamiyat barqaror rivojlanadi. Qonun ustuvorligi ta’minlagan davlatda inson manfaatlariga e’tibor yanada kuchayadi, davlat boshqaruvi sohasidagi jarayonlarning soddalashishi kuzatiladi.

Sherzod Zulfiqorov,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
ekspert guruhi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring