Kiberjinoyat ishlarida to‘lov tashkilotlarining o‘zi ham javobgar qilinadi

Prezidentning joriy yil 30-apreldagi «Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-153-son qarori bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi.
Jumladan, o‘z kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida ko‘rsatildi.
Shuningdek, kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etiladi.
Jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi.
Jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish javobgarlik hamda jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.
Ma’lumot uchun, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida vakolatli organ etib belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter