Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada yer maydonini noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Farg‘onada yer maydonini noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, Quva tumanida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs 2020-yilda tuman hokimining qarori asosida, o‘zining qarindoshiga «Yoshlar mehnat guzari» bino-inshootlari qurish uchun ijara huquqi asosida berilgan 15 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1959-yilda tug‘ilgan shaxs 2016-yilda o‘zining o‘g‘li nomiga tashkil etilgan bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jalikka tuman hokimining 2019-yildagi qarori bilan sabzavotchilik-bog‘dorchilik yo‘nalishida foydalanish uchun ijara huquqi asosida qo‘shimcha ravishda ajratib berilgan 10 gektar yer maydonini xaridorga 30 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshloq tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs tuman hokimining 2017-yildagi qarori bilan o‘z akasiga issiqxona va bog‘dorchilik uchun foydalanishga berilgan 30 sotix yer maydonidan 12 sotixini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 19,2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Rishton tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs davlat zaxirasidagi 12 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridorga olib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring