Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FAO Toshkentda Navro‘z va Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirini o‘tkazdi

FAO Toshkentda Navro‘z va Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirini o‘tkazdi

foto: FAO matbuot xizmati

O‘rmonlar qashshoqlikka qarshi kurashda va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Biroq, bu bebaho boylik – o‘rmonlar butun dunyoda yong‘inlar, zararkunandalar, qurg‘oqchilik va rejasiz kesilishi natijasida jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ning O‘zbekistondagi vakolatxonasida Navro‘z bayrami va Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Navro‘z FAO uchun alohida ahamiyatga ega, chunki bu qadimiy bayram qishloq xo‘jaligi mavjud bo‘lganidan beri nishonlanib kelinmoqda va u bahor kelishi hamda qishloq xo‘jaligi ishlarining boshlanishini anglatadi.

Yana bir muhim sana — 21-mart Xalqaro o‘rmonlar kuni BMT bosh Assambleyasi tomonidan 2012-yilda barcha turdagi o‘rmonlarning ahamiyati to‘g‘risida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida e’lon qilingan.  Bu yilgi Xalqaro o‘rmonlar kunining mavzusi – «O‘rmonlar va salomatlik».

Ushbu ikki muhim sana — Navro‘z va Xalqaro o‘rmonlar kunini nishonlash doirasida  FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bir qator hamkorlar bilan birgalikda ko‘chat ekish tadbirini ham boshlab yuborishdi.

 

 – «O‘zbekistonda tog‘ va vodiy o‘rmonlarini barqaror boshqarish» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global Ekologik Fond (GEF) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda, – deydi loyihaning texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Bunday tadbirlardan ko‘zlangan maqsad o‘rmonlarga bo‘layotgan munosabatni o‘zgartirish. Bayramona dasturxon atrofida bir-birimiz bilan munozaralar o‘tkazish. Ko‘rib turibmizki,  yildan yilga chang-to‘zonlar, tuzlarning tepaga ko‘tarilishiga dunyoda bo‘layotgan iqlim o‘zgarishining sabab bo‘layotganini. Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘rmonlarning degradatsiyaga uchrashi kuzatilmoqda, 68 foiz hududlar, 80 foiz yaylovlar degradatsiyaga uchramoqda. O‘rmon maydonlarining tabiiy ko‘payishi, o‘rmonlarni qayta tiklanishiga   to‘sqinlik qiluvchi umumiy tahdidlar xavf solmoqda. Aholi tomonidan o‘rmonlar atrofida chorva mollarini boqish avj olmoqda. Daraxtlar kesilishi oqibatida noyob turlar yo‘qolmoqda. Shuning uchun iqlimimizga mos daraxtlarni ko‘paytirish maqsadida ob-havosi bizga to‘g‘ri keladigan davlatlar bilan tajriba almashayapmiz. Masalan pistachilik, terakchilik sohasida Turkiyaning ustunlik taraflarini o‘rganayapmiz. Yaqinda mutaxassislarimiz Amerikada bo‘lib ekoturistik yo‘nalishlarni o‘rganib keldi, ya’ni ekoturizmni rivojlantirish uchun ekoturistik marshrutlar va zarur infratuzilma ob’yektlarini tashkil etayapmiz, o‘rmon fondi yerlarida sho‘rlanishga va suvsizlikka chidamli o‘simliklarni yetishtirishda ilmiy-tadqiqotlar natijalarini keng joriy etishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Tadbir doirasida Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida joylashgan hududlarda o‘rmonlarni barqaror boshqarish, o‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish, o‘rmonlarning mahsuldorligi va ekologik funksiyalarini saqlash, biologik va landshaft xilma-xilligi tamoyillarini samarali amalga oshirish ishlari olib borilayotgani ta’qidlab o‘tildi. Bundan tashqari, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, o‘rmonlarni barqaror boshqarish va o‘rmon xo‘jaligida gender tengligini ta’minlash jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring