Dunyoning mo‘’jizalaridan biri – Galikarnas: Bodrumga sayohatning afzalliklari
Turkiyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Bodrum tarixiy tuzilmasi, qumli plyajlari va rang-barang tungi hayoti bilan har yili millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. «Egey dengizining marvaridi» deya e’tirof etiladigan bu maftunkor shahar ham dam olishni, ham ko‘ngilochar ta’tilni xohlovchilar uchun ayni muddao.
Tarix va madaniyat
Bodrum qadim zamonlardan beri muhim aholi punkti hisoblanadi. Qadimgi Galikarnas nomi bilan mashhur bo‘lgan bu shaharda dunyoning yetti mo‘’jizasidan biri bo‘lgan Galikarnas maqbarasi joylashgan.
Bodrum qal’asi o‘rta asrlardan qolgan ajoyib bino bo‘lib, suv osti arxeologiya muzeyini o‘z ichiga oladi. Ushbu muzeyda mintaqadan topilgan ko‘plab qadimiy artefaktlar, osori-atiqalar va cho‘kib ketgan kemalarning qoldiqlari namoyish etiladi.
Ajoyib plyajlar
Bodrum o‘zining shishadek tiniq ko‘rfazlari bilan mashhur bo‘lib, dengiz sohili, oq qumli plyajlari va «moviy bayroqli» qo‘ltiqlari bilan dengizsevarlarni lol qoldirib kelmoqda. Bitez, Gumushluk, Turkbuku va Yalikavak Bodrumdagi eng mashhur plyajlar qatoriga kiradi.
Ushbu plyajlarda quyosh botishini tomosha qilish, suzish va suv sporti bilan shug‘ullanish mumkin.
Mazali taomlar
Bodrum oshxonasi Egey va O‘rta yer dengizi lazzatlarini o‘zida mujassam etadi. Yangi dengiz mahsulotlari, zaytun moyidan tayyorlangan salatlar, gazaklar va mahalliy o‘tlardan tayyorlangan taomlar xo‘randa didiga manzur bo‘lishi shubhasiz.
Bodrumdagi mahalliy restoranlarda bu noz-ne’matlardan tatib ko‘rish va ayniqsa dengiz bo‘yidagi baliq restoranlarida ovqatlanish unutilmas o‘ziga xos zavq bag‘ishlaydi.
Tungi hayot
Bodrum jonli tungi hayoti bilan ham mashhur. Bar ko‘chasi deb nomlanuvchi hududda turli xil barlar, tungi klublar va ko‘ngilochar joylar mavjud. Bodrum qal’asi yonida joylashgan Galikarnas diskotekasi dunyodagi eng katta ochiq diskotekalardan biri bo‘lib, bu yerda ertalabgacha raqsga tushish mumkin.
Tabiat va sport faoliyati
Bodrum tabiatda sayr qilish, velosipedda sayohatlar va suv sporti kabi ko‘plab mashg‘ulotlarni taklif etadi. Ayniqsa, Bodrum yarim orolidagi piyoda yurish yo‘llarida tabiat ixlosmandlari uchun kashf etilishini kutayotgan go‘zalliklar bisyor.
Shuningdek, Bodrumning suv osti dunyosini dengizga sho‘ng‘ish orqali kashf qilish yoki suzish orqali dengizdan bahramand bo‘lish mumkin.
Xarid qilish
Bodrumda xarid qilish mumkin bo‘lgan ko‘plab joylar mavjud. Bodrum bozori mahalliy hunarmandchilik, suvenirlar va yangi mahsulotlarga liq to‘la. Bundan tashqari, Bodrum Marina va bozorida ko‘plab butik do‘konlari va mashhur brendlarning do‘konlari mavjud.
Turar joy
Bodrum har bir budjet uchun turar joy variantlari bilan boshqa dam olish maskanlaridan butkul farqlanadi. Hashamatli mehmonxonalardan butik mehmonxonalargacha, kvartiralardan yotoqxonalargacha bo‘lgan ko‘plab turar joy muqobillari mavjud. Dengiz bo‘yidagi mehmonxonalarda qolib, ajoyib manzaradan bahramand bo‘lish yoxud Bodrumning ichki qismlarida joylashgan mehmonxonalarda tinchroq dam mumkin.
Muxtasar qilib aytganda, Bodrum o‘zining tarixi, tabiati, plyajlari, taomlari va tungi hayoti bilan oilaviy hordiq chiqarish uchun munosib va noyob maskan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter