Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniya Bosh vazirining O‘zbekiston bo‘yicha savdo vakili tayinlandi

Buyuk Britaniya Bosh vazirining O‘zbekiston bo‘yicha savdo vakili tayinlandi

O‘zbeistonning  Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov yangi tayinlangan mamlakat Bosh vazirining O‘zbekiston bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdis bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Dunyo» nashrining yozishicha, Britaniya Bosh vazirining Savdo vakillari lavozimi 2012 yilda joriy etilgan bo‘lib, ushbu o‘ringa mamlakat parlamentining yetakchi namoyondalari tayinlanadi.

Savdo vakillari faqat Birlashgan Qirollik bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyati mavjud bo‘lgan mamlakatlarga tayinlanadi va ularning asosiy faoliyati ushbu sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Xususan, savdo vakillari Britaniya Savdo va biznes vazirligi bilan yaqin hamkorlikda yangi bozorlarni kashf etish, xorijiy mamlakatlarga biznes missiyalarini tashkil etish hamda Britaniya va xorijiy ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni jadallashtirish masalalari bilan shug‘ullanadi.

Suhbat davomida xorijiy tomon Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng-ko‘lamli islohotlar va so‘nggi yillarda respublikaning savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari bilan batafsil tanishtirildi.

Lord Jon Olderdis O‘zbekistonda yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamda ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring