Bog‘chalar milliy qadriyatga mos materiallar bilan ta’minlanadi
Yig‘ilishda Prezident maktabgacha va maktab ta’limidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kelgusi rejalarni belgilab berdi.
Qayd etilishicha, islohotlar natijasida maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizga yetgan.
«2016-yilda bu ko‘rsatkich 27 foiz edi. Bu yil davlat bog‘chalari quvvati yana 10 ming o‘ringa, xususiy bog‘chalarda 50 ming o‘ringa oshiriladi.
Lekin ba’zi chekka qishloqlarda bog‘cha hali yo‘qligi sababli hamma bolalar ham maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, ayrim tumanlarda bog‘cha yetarli bo‘lishiga qaramay, qamrovi o‘tgan yilga nisbatan biroz kamaygan.
Xususiy bog‘chalarda bolalar hisobini yuritish raqamlashtirilmoqda, lekin davlat bog‘chalarida bu jarayon hali boshlanmagan», – dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘chalarda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.
Yig‘ilishda har yili bog‘cha tarbiyachilarining o‘rtacha bor-yo‘g‘i 9 foizi malaka oshirayotganiga e’tiroz bildirildi.
Bundan tashqari, 12 mingta oilaviy bog‘chada davlat ta’lim standartidagi o‘quv-metodik materiallar yetarli emasligi ta’kidlandi.
Maktabgacha ta’lim agentligiga bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash, ularni lavozimga tayinlash tizimini ishlab chiqish, barcha bog‘chalarda ovqat, davomat, badal puli kabi barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, 250 ta davlat bog‘chasida ta’lim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi.
Bog‘chalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter