Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amudaryo qirg‘og‘idagi qamishzorlar ichidan katta miqdorda giyohvandlik moddasi topildi

Amudaryo qirg‘og‘idagi qamishzorlar ichidan katta miqdorda giyohvandlik moddasi topildi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida, Davlat xavfsizlik xizmatiniing Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, qo‘shni davlat hududidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan katta miqdordagi narkotik modda topildi.

Bu haqda DXX axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, jumladan, Muzrabot tumanining chegara hududidan o‘tuvchi Amudaryo qirg‘og‘idagi qamishlar orasiga noma’lum shaxslar tomonidan yashirib ketilgan 1 dona polietilen qop topilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning ichida 10 dona o‘ramda giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda sof vazni 10 kg. 38 gr. bo‘lgan «opiy» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu narkotik modda egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatiniing Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Surxondaryo – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina Ko‘kdala tumanida joylashgan «Umakay» YPX maskanida to‘xtatildi.

Denov tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan ushbu avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida, uning salon qismiga yashirib qo‘yilgan 935 gr. «opiy» va 200 gr. «gashish» moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring