Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganiga 1 oy bo‘ldi: hayotimiz qanchalik o‘zgardi?

Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganiga 1 oy bo‘ldi: hayotimiz qanchalik o‘zgardi?

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 15 aprel kuni mamlakatga koronavirus rasman kirib kelganiga bir oy bo‘ldi. Ayni damda kasallanganlar 1275 nafar, sog‘ayganlar 107 nafar, vafot etganlar 4 nafarni tashkil etmoqda. Shu munosabat bilan «Xabar.uz» bir oy davomida O‘zbekistonda yuz bergan asosiy o‘zgarishlarni esladi.

Ilk bemor va ilk choralar

Joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan ilk kasallanish holati qayd etildi

Barcha OTM, maktab va bog‘chalarga ta’til berilishi e’lon qilindi. OTMlar talabalari o‘z yashash hududlariga jo‘natildi. Farzandi maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi ota-onalar ta’tilga chiqarildi yoki masofadan ishlash tizimiga o‘tdi. Shuningdek, o‘qituvchilar ham masofadan ishlay boshladi. Telekanallar orqali videodarslar (maktab o‘quvchilari uchun) hamda Zoom kabi dasturlar orqali onlayn darslar yo‘lga qo‘yildi.

Kasallikka chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan odamlar karantinga olindi. Karantin va cheklov tadbirlarini buzganlik va kasallik o‘chog‘iga borganlik hamda bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlik haqidagi ma’lumotlarni yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Xorij bilan avto va aviayo‘nalishlar yopildi. Boshqa davlatda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar turli viloyatlardagi karantin hududlariga joylashtirildi. Bir oy mobaynida xorijdan qaytib, karantin muddatini o‘tagan, virus aniqlanmagan minglab fuqarolar uylariga jo‘natildi.

O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar 30 martdan yopildi. O‘zbekistondan chiqib ketishga ulgurmagan xorijliklarning viza muddati uzaytirildi. Shuningdek, qator davlatlar o‘z hududlarida qolib ketgan xorijiy fuqarolar (shu jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun ham) viza muddatlarini uzaytirishdi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida koronavirusda gumon qilinganlar karantinda saqlanadigan konteynerlardan iborat shifoxona qurildi.

Bozordagi ozorlar

Aholi o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish (o‘ta) faollashgani sabab dehqon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin oshishi kuzatildi (ayniqsa isiriq va sarimsoq narxlari osmonga uchdi). Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan narxlar nazoratga olindi.

Shuningdek, viloyatlararo taksilar yo‘l haqining ham keskin oshishi kuzatildi. Ushbu vaziyat fonida bir qancha insonlar talabalarni uylariga bepul yetkazish tashabbusi bilan chiqishdi.

Cheklovlar va taqiqlar

Messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda turli feyk xabarlar ko‘paya boshladi. Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan xabarlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

16 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining koronavirus infeksiyasi bo‘yicha fatvosi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozi o‘qilishi, shuningdek, besh vaqt namozlar ham uyda ado etilishi belgilandi.

19 martdan boshlab atvobuslar harakati oraliq intervallari uzaytirildi, 22 martdan esa Toshkentdagi barcha jamoat transportlari harakati to‘liq to‘xtatildi.

21 martdan e’tiboran barcha ko‘ngil ochar ob’yektlar faoliyati to‘xtatildi. Barcha nooziq-ovqat bozorlari yopildi. Toshkentdagi mahallalarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etila boshlandi.

23 martdan boshlab to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilindi.

23 mart kuni soat 00:01 dan boshlab Respublika chegara hududlaridagi mavjud chegara o‘tkazish punktlari barcha shaxslar uchun (O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolaridan tashqari) yopildi.

23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etilishi belgilandi.

25 mart kuni soat 6:00 dan boshlab jamoat joylarida niqobsiz yurganlik uchun jarima belgilandi.

Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatildi.

1 apreldan esa 65 yoshdan kattalarning zaruriyatsiz ko‘chaga chiqishlari taqiqlandi. Pensiyalar bank xodimlari tomonidan uylarga borib tarqatildi. Joriy yilning may oyidan boshlab esa, barcha pensiya va oylik maoshlar plastik kartalar orqali berilishi belgilandi.

24 martdan boshlab, Toshkent shahriga kirish va chiqish yo‘llari yopildi. Shundan so‘ng qator viloyatlarda ham jamoat transporti harakati, shuningdek, viloyat hududiga kirish-chiqish taqiqlandi.

30 martdan shaxsiy avtomobilda harakatlanish taqiqlandi. Yetkazib berish xizmatlarini amalga oshirish uchun avtomobillarga maxsus ruxsatnoma berila boshlandi. IIBB va Milliy gvardiya ruxsatsiz avtomobillarni ushlash uchun reydlar o‘tkaza boshladi. 9 apreldan esa stiker berish bekor qilindi.

6 apreldan «o‘zini yakkalash» hayot tarzi majburiy ravishda joriy etildi, mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish cheklandi, yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarining (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlandi.

Ayni damda MDH davlatlari orasida o‘z-o‘zini izolyasiyalash indeksining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatilmoqda (4.2 ball). Poytaxt ko‘chalarining (deyarli) «huvillab» qolganini ushbu fotoreportajimizda ko‘rish mumkin.

Inqirozga qarshi harakatlar

Tibbiy niqobni ishlab chiqarishda litsenziya talab qilish bekor qilindi.

O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzildi va unda 10 trillion so‘m shakllantirilishi belgilandi.

«O‘zbekiston Mehr-shavqat va salomatlik» jamoat fondiga qator tashkilotlar xodimlari bir kunlik ish haqlarini xayriya tarzida o‘tkazishdi. Shu kungacha unga tushgan mablag‘lar nimalarga sarf qilinganini ushbu havola orqali o‘qish mumkin.

Karantin davrida to‘lovlar uchun jarimalar va peniyalar joriy etilmasligi hamda qarzdor iste’molchilar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilmasligi belgilandi.

Tadbirkorlarga soliqlarni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi. Qolaversa, kreditlar uchun 6 oylik ta’til e’lon qilindi.

Ikki oy davomida telefon hamda internet xizmatlari ham o‘chirib qo‘yilmasligi ma’lum qilindi.

Bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan xomashyo, materiallar va substansiyalarga nisbatan bojxona bojlari undirilmasligi belgilandi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil qilindi va ular orqali muhtoj aholiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatila boshlandi.

«Xavfsiz Yordam» loyihasi doirasida mingta muhtoj oilaga bir million so‘mdan berilishi belgilandi.

Yurtimizga kasallik kirib kelganiga bor yo‘g‘i bir oy bo‘lganiga qaramay, hayotimizda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ularning orasida ijobiylari ham, afsuski, salbiylari ham bor. Karantin qoidalariga bo‘ysunmaslik, beparvolik sabab kasallikni boshqalarga yuqtirish holatlari, ko‘chaga zaruriyatsiz chiqish chekloviga qaramay, ko‘chalarda guruh bo‘lib yurish, boshqalarni ham shunga undash kabi harakatlar ko‘nglimizni xira qildi. Ammo masofaviy ta’limga majburiy bo‘lsada tezkor o‘tilgani, onlayn ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tibbiyot sohasiga e’tiborning kuchayishi har narsaning ham yaxshi tomoni borligini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, yurtdoshlarimizda yaqinlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, farzand tarbiyasiga ko‘proq e’tibor berish imkoni paydo bo‘ldi. Shifokorlarga, o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmatimiz oshdi. Tabiatni tinimsiz avtomobil qatnovlari bilan qanchalik bo‘g‘ib qo‘yganimizni tushunib yetdik. Bularning barchasidan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz, deb umid qilamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring