Usmon Qur’oni faksimilesi, Islom Karimov sovg‘asi, Amir Temurning Fransiya qiroliga maktubi...
«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida maqola va fotolar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining navbatdagi sayohati Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘lib o‘tadi.
Muzey 1996 yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan. Nomidan ham ko‘rinib turganidek, muzeyning asosiy maqsadi Amir Temur va temuriylar tarixi, shajarasini o‘rganish, temuriylar davrida ilm-fan, maorif va madaniyatni aks ettirishdir.
Manzil: Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 1-uy, Amir Temur xiyoboni yonida.
Kirish pulli: 10 ming so‘m; o‘quvchi va talabalar uchun chegirmali narxlar belgilangan. Nafaqa yoshidagilar, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklanganlar uchun bepul.
Ekskursiya xizmati: O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming so‘m.
Ish vaqti: Seshanba – yakshanba 10:00 dan 18:00 gacha.
Kassa ish vaqti: 10:00 dan 17:00 gacha.
Dam olish kuni: Dushanba.
To‘liq aylanish uchun: 30 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.
Muzey fondining asosiy qismi Amir Temur va temuriylar davriga oid qo‘lyozma asarlar, yozishmalar, tangalarning asl nusxalari, sarkarda va askarlar kiyimlari, sopol va mis buyumlar, me’moriy bezak qoplamalari, yurtimiz rassomlari asarlari kabi eksponatlardan iborat. Muzey binosi o‘rta asr me’morligi an’analari asosida tomi gumbazli qilib qurilgan. Oq aylana bino, ko‘k gumbaz, temir ustunlar va naqshinkor yog‘och eshiklari bilan bu bino Toshkent shahri ramzlaridan biri hamdir.
– Hozirda 2 mingdan ortiq eksponatlar muzey ekzpozitsiyasiga qo‘yilgan, bu ekponatlarni tomosha qilish uchun har yili 200 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyuradi – deydi ekskursavodlar bo‘limi boshlig‘i Dilnoza Azizova.
– Muzeyga ko‘proq qaysi yoshdagilar keladi?
– Har xil, yetti yoshdan yetmish yoshgacha mehmonlarimiz bor. Xorijliklar ayniqsa ko‘p qiziqish bildiradi. Haftaning seshanba va juma kunlari maktab o‘quvchilari uchun muzeyga kirish bepul qilib belgilangan. Shu kunlarda o‘quvchilar ko‘p keladi.
– Mehmonlarni qaysi eksponatlar ko‘proq o‘ziga tortadi?
– Xorijlik mehmonlar uchun Amir Temur shajarasi, qo‘lyozma asarlar, Amir Temur davlati xaritasi qiziq bo‘lsa, maktab o‘quvchilari sarkardalar kiyimi, qurol-yarog‘, tangalarni ko‘proq tomosha qilishadi. Katta yoshli yurtdoshlarimizni Usmon Qur’oni faksimilesi, yevropalik ustalar tomonidan chizilgan Amir Temur suratlari nusxasi, temuriylar davriga doir zargarlik buyumlari, muzey ko‘rgazma zalining markazidagi devoriy tasvir qiziqtiradi. Muzeyni bir marta aylanib, keyin qayta sinchiklab tomosha qiladigan mehmonlarimiz ham bor.
– Muzey eksponatlari qanday yig‘ilgan?
– Eksponatlar asosan O‘zbekiston viloyatlaridagi muzeylardan, xorijdagi yirik muzeylarda saqlanayotgan temuriylar tarixiga oid noyob eksponatlardan nusxa olish, shuningdek, muzeyga qilingan sovg‘alar asosida to‘plangan.
– Ko‘rgazma zal markazidagi qandilni ikki tonnadan oshiq deb eshitgandim, shu rostmi?
– «Zumrad» qandil ko‘pchilik mehmonlarning e’tiborini tortadi. Haqiqatdan ham uning og‘irligi 2,7 tonna.
Ma’lumot uchun: Ko‘rgazma zalining markazidagi devoriy tasvirda «Buyuk Sohibqiron — buyuk bunyodkor» nomli uch qismdan iborat asar o‘rin olgan. Birinchi qismda Sohibqironning tug‘ilishi bilan bog‘liq afsona ramziy tasvirlangan. Ikkinchi — «Yuksalish» qismida «Rosti — rasti» («To‘g‘rilik najotdir») degan shior oltin harflar bilan bitilgan. Bu qismning markazida taxtda o‘tirgan Sohibqironning vazir, ulamo, harbiy a’yonlar davrasidagi mashvarati aks etgan. Pastroqda esa Sohibqironning nabira va abiralari Temur tuzuklarini mutolaa qilayotgani va Amir Temur yaratgan me’moriy obidalar tasvirlangan. Uchinchisi — «Faxrlanish» bo‘limida merosning avloddan-avlodga o‘tib kelayotganlik g‘oyasi aks etgan.
Dam olish kunlari uchun rejangiz bo‘lmasa, Temuriylar tarixi davlat muzeyida mehmon bo‘ling. An’anaga ko‘ra, bu yil ham 9 aprel – Sohibqiron tavalludi kuni munosabati bilan ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi va shu kuni muzeyga kirish bepul.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter