Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ummul Xamsa»ning o‘zbekistonlik tarjimoni taqdirlandi

«Ummul Xamsa»ning o‘zbekistonlik tarjimoni taqdirlandi

Jamol Kamol hamda Samir Abbasov.

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirligi ta’sis etgan «Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi» maxsus nishoni bilan taqdirlandi. Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa»sini yuksak mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan zabardast tarjimonning mehnati shu tariqa e’tirof etilgan.

Maxsus nishonni Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov Jamol Kamolning uyiga tashrifi payti taqdim etar ekan, «Xamsa»ni tarixda ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilgan ijodkorga qardosh o‘lka nomidan minnatdorlik bildirgan.

Nizomiy Ganjaviy (1141-1209) «Mahzan ul-asror», «Xusrav va Shirin»,  «Layli va Majnun», «Haft paykar» va «Iskandarnoma» kabi besh dostondan iborat «Xamsa»si bilan dunyo adabiyotida yangi ijodiy an’anani boshlab bergan. XIII asrdan forsiy va turkiy adabiyotlarda unga javoban «Xamsa»lar yozila boshlagan. Sharqning ko‘plab ulug‘ shoirlari Nizomiy Ganjaviyni o‘ziga ustoz deb bilgan. Xususan, Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da uni shayxlar qatorida zikr etgan.

Atoqli o‘zbek shoiri ijodini avvalroq Turkiya va Eron ham e’tirof etgan.

«Xamsa»ning turkiy tillarga tarjimasi XIV asrdayoq boshlangan. Jumladan, Qutb Xorazmiy «Xusrav va Shirin» dostonini turkiyga o‘girgan. Haydar Xorazmiy «Maxzan ul-asror»ga javoban «Gulshan ul-asror» dostonini bitgan. Muhammadrizo Ogahiy esa «Haft paykar»ni nasriy tarjima qilgan.

Oradan to‘qqiz asr o‘tib, jahon adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin olgan asarni to‘liq o‘zbek tiliga o‘girishdek mashaqqatli vazifani Jamol Kamol uddalay oldi. Soha mutaxassislari buni adabiyotimizdagi tarixiy voqea deb baholamoqda.

«Ozarbayjon  madaniyat markazining taklifi va yor-do‘stlarning tashviqoti bilan og‘ir yukni yelkamga oldim. Bilasiz, Shayx Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa»si – Sharq adabiyotida xamsachilikni boshlab bergan asar. «Ummul Xamsa» degan shuhrati bor, ya’ni «Xamsa»larning onasi. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy «Xamsa»si ham ana shu kitobga payrov qilib yaratilgan. Hazratning o‘zlari buni alohida ta’kidlaganlar. Shunday asar tarjimasi menga nasib etgani uchun Xudoyimga shukronalar aytaman”, – deydi Jamol Kamol.

83 yoshni qarshilagan zabardast ijodkor avvalroq «Hurriyat» nashriga «Xamsa» tarjimasi qanday kechgani haqida batafsil hikoya qilib bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi buyurtmasi bilan tarjima qilingan «Xamsa» kitobi taqdimoti joriy yil noyabr oyida Boku shahrida ham o‘tkazilgan.

To‘qqiz asr o‘tib, «Ummul Xamsa» to‘liq ona tilimizga o‘girildi.

Atoqli shoir va mutarjim Jamol Kamol Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat «Masnaviyi ma’naviy» majmuasini, Shayx Fariduddin Attor asarlarini, Abdurahmon Jomiyning g‘azallar kitobini, Shayx Mahmud Shabustariyning «Gulshani roz» asarini, ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqidagi «Shabihijron» dostonini tarjima qilgan. Shuningdek, u buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspirning o‘ndan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkinning «Motsart va Saleri», Yan Raynisning «Oltin tulpor», Bartold Brextning «Sichuandan chiqqan mehribon» asarlarini rus tilidan ona tilimizga o‘girgan.

J.Kamol tarjima sohasidagi yutuqlari uchun Turkiya Respublikasi madaniyat vazirligining «Rumiy» oltin medali, Eron Islom Respublikasining davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2017 yilda esa unga Yevrosiyo universiteti faxriy doktori unvoni berilgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring