Turkiyada o‘zbek kinosanoatidagi islohotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Istanbuldagi Turk dunyosi birinchi xalqaro kinokonferensiyasi davomida O‘zbekiston kinosanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Konferensiya «Korkut ota» Turkiy mamlakatlar kinofestivali doirasida o‘tkazildi.
Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbax tomonidan ma’lum qilinishicha, «Korkut ota» festivali boshqa turkiy davlatlarda ham o‘tkaziladi:
— Turkiy davlatlar bilan hamkorligimiz, kino orqali o‘rnatayotgan munosabatlarimiz yanada mustahkam bo‘ladi. O‘zbek kinosi va kino ijodkorlari haqiqatan ham kuchli va o‘zbeklar kinofilmlarni juda ajoyib ishlashadi, biz sizni olqishlaymiz. O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi shaharlariga borganmiz. Vataningizga muhabbatimiz boshqacha. O‘zbek kinosining kuchli ekanligi bizni juda quvontirdi. Barcha aktyorlarimizni, prodyuserlarimizni O‘zbekiston kinosi lol qoldirmoqda.
Ozarbayjon kinematografiya departamenti rahbari Rufat Gasanov ham kinofestival haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Bir oy avval biz O‘zbekistonda katta delegatsiya bilan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida bo‘ldik. Mukofot ham oldik. Kinematografiya agentligi bilan «Xo‘ja Nasriddin» kinoloyihasi yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi memorandumni ham imzoladik. Bu loyihaning muallifi Ozarbayjon xalq artisti Vagif Mustafayev. Umid qilamizki, bu loyiha nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida, balki butun turkiy davlatlar o‘rtasidagi qaldirg‘och bo‘ladi.
Firdavs Abduxoliqov,
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori:
— Turkiy davlatlarning mazkur kinofestivalida o‘zbek kinoijodkorlari delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Biz shunchaki bu jarayonning tomoshabini emas, balki faol ishtirokchisi bo‘ldik. Alohida ta’kidlash kerakki, bunday festivallar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda ham o‘tkazilishi quvonarli.
O‘zbekiston kinosanoati, VGIK filialining ochilishi, kinomuzey va kinofondning ochilishi va boshqa yangiliklar, shuningdek, afsonaviy «O‘zbekfilm» kinostudiyasining rekonstruksiya qilingani hamda boshqa muhim ma’lumotlar festival ishtirokchilarida juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Turkiyada o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rashid Malikovning «Tutqunlik» filmi namoyish etiladi. Shuningdek, «Ilhaq» hamda «Xalq jasorati» filmlari Turkiya telekanallarida efirga uzatilishi kutilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter