Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Qodirov tarixdan qo‘rqmaydi, kelajakdan-chi?

Alisher Qodirov tarixdan qo‘rqmaydi, kelajakdan-chi?

Toshkentning qoq markazida yurtimizni ishg‘ol qilish chog‘ida halok bo‘lgan 24 nafar Chor Rossiyasi askari sharafiga bunyod etilgan Avliyo Georgiy butxonasining qayta ta’mirlanishi jamoatchilikning, xususan, ziyoli qatlamning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Millatning ori va g‘ururiga bog‘liq bo‘lgan ayni voqelik xususida siyosiy partiya liderlaridan allaqachon sado chiqishi kerak edi. Ayniqsa, «Milliy tiklanish» demokratik (MTDP) partiyasidan! Boshqa partiya yetakchilari sukutni a’lo bilib turgan paytda MTDP raisi Alisher Qodirov, darhaqiqat, o‘z munosabatini bildirdi. Munosabatki, A Qodirovning o‘ziga xos, o‘ziga mos tarzda. Shu bois uning munosabati ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi muhokamalar to‘lqinini keltirib chiqardi.

Quyida bir vaqtning o‘zida parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari vazifasini ham ado etib kelayotgan Alisher Qodirovning munosabati keltirilmoqda.

Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga tan.

«Tarix – o‘tgan kun. Undan zaiflar qo‘rqadi. O‘tgan kunlardan kutiladigan yagona manfaat – xulosadir. Xulosani o‘qish-o‘rganish bilan qilsa bo‘ladi, lekin eng samarali xulosa uchun ko‘zda ko‘rish, qo‘l bilan ushlash yaxshiroq. Muzeylardan murod shunda!

Bu qabrni tamirlanganligida foyda bor. Bu yerga farzandlaringizni olib boring. Ko‘rsating va eslang! Qachonlardir bizni bosib olishgan va g‘ururimizni, yurtimizni toptashgan. Tartib bilan tizib qo‘yilgan zambaraklarning o‘qini qo‘l bilan ushlab ko‘rishsin. Arzimas chaqaga tayyorlangan qo‘rg‘oshin quymasi va zambaraklarni dushmanlardan karrasiga ko‘proq sotib olish uchun tillasi bo‘lib turib belkurak va nayza bilan himoyalangan ozodlik... Talon bo‘lgan millat va xonavayron bo‘lgan yurt. Ilmsizlik, tadbirsizlik, parokandalik, tanga uchun sotilgan sharafsiz, xiyonatchi «o‘zimiznikilar»...  Zaif yurt, zaif boshqaruv, zaif jamiyat. 

Bugun xatolarni takrorlamaslik uchun kechani tahlil qilish, xulosalarni to‘g‘ri chiqarish kerak. Olimlarimiz ixtiro qilishsin, talabalarimiz ilm olishsin, tadbirkorlarimiz serharakat bo‘lishsin, davlat xizmatchilari fidoiy va halol bo‘lsinlar. Oilalarimiz mustahkam bo‘lsin, farzandlarimiz sog‘lom va g‘ururli tarbiya ko‘rsinlar. Har birimiz ishimizni masul va maromida bajaraylik.

Shunda biz ham Amir Temurni Oltin O‘rdaga yakun yasab, tarixni yangi o‘zaniga asos solgan maydonlariga borib eslatmalar tikamiz.

Mamlakat va millatni behuda va befoyda shovqin bilan emas, qaynoq yurak va sovuq tafakkur bilan asrashni o‘rganishimiz kerak».

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring