Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shurikning do‘sti»: Jamol Ahmedovning achchiq qismati

«Shurikning do‘sti»: Jamol Ahmedovning achchiq qismati

«Kavkaz asirasi yoki Shurikning yangi sarguzashtlari» filmini yaxshi bilasiz. Uning boshlanish qismida va keyingi kichik lavhalarda Shurikning do‘sti bo‘lib chiqqan Edik esingizda bo‘lsa kerak? Bu aktyor kim? Yana qaysi filmlarda chiqqan? Shaxsiy hayoti qanday kechgan?..

Otasi o‘zbek, onasi rus

Jamol Ahmedov Yusufjonovich (Ruslan Axmetov) 1940-yil 19-fevralda Moskva viloyatining Ivanteyevka shahrida tug‘ilgan. Uning otasi o‘zbek edi. Yusufjon Ahmedov to‘qimachilik sohasi muhandisi bo‘lib ishlardi. Onasi Vera Belyakova rus millatiga mansub edi. Yusuf Axunjonovich va Vera Kuzminichna 1930-yillarning oxirida tanishishdi. Keyin turmush qurdilar. Oilada ikki o‘g‘il Jamol (Ruslan) va Aleksandr (1947–2011) tug‘ildi.

1950-yilda Ahmedovlar Moskvaga ko‘chib o‘tishdi. Jamol u yerda 509-o‘rta maktabning o‘quvchisiga aylandi. U sportni yaxshi ko‘rar, voleybol jamoasida o‘ynardi. Shuningdek, ikkita teatr studiyasiga qatnadi. 1958-yilda maktabni tugatgan Jamol Ahmedov birinchi urinishdayoq VGIKning aktyorlik fakultetiga o‘qishga qabul qilindi. U Mixail Ilich Romm kursida tahsil oldi. 1963-yilda VGIKni muvaffaqiyatli tugatdi.

1962-1963-yillarda J.Ahmedov A.A.Rumnyovning «Ektemim» Moskva eksperimental pantomima teatri aktyori bo‘lib ishladi. 1964–2000-yillarda u teatr studiyasida faol ishladi. Dublyaj sir-asrorlarini o‘rgandi. Teatr-studiyasining spektakllarida chiqib turdi. «Umidsizlik», «Ahmoq qiz», «Meni o‘p, Ket», «Qarsildoq qo‘ng‘iz va sichqonlar qiroli» va boshqa pesalarda rollar ijro etdi.

Jamol Ahmedov kinoda ham bir-biridan kam bo‘lmagan rollar yaratdi. «Oq pianino»da yosh bastakor Shodi, «Ruslan va Lyudmila»da Ratmir, «Tongdan bir soat oldin»da Kurnabayev, «Shahar uzri qushlar»da Chingiz... Hamkasblaridan birining aytishicha, u «Ruslan va Lyudmila»da shunaqangi mohirona o‘ynaganki, film-ertak ekranga chiqqach, muxlisa qizlar Ahmedovni ko‘chada yurishga qo‘yishmagan. Uning eng mashhur qahramoni esa, shubhasiz, «Kavkaz asirasi»dagi Edik bo‘lib qoldi. Darvoqe, Ahmedov oldinroq Gaydayning «I» operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari» filmida ham rol o‘ynagan, talaba bo‘lib.

Shukur Burhonov bilan

Aktyorning yana bir obrazi borki, u bosh qahramonga teng qahramon edi. J.Ahmedov taniqli o‘zbek aktyori Shukur Burhonov bilan «Osiyo ustida bo‘ron» filmida ham chiqqan. Mazkur kinoasar o‘z davrida mashhur edi. Filmda u o‘zining ism-familiyasi bilan chiqqan, ya’ni qahramoni Jamol Ahmedov bo‘lgan. Aktyor ishtirokidagi so‘nggi film 2004-yilda suratga olingan «Shafqatsizlar zamoni» bo‘lib qoldi.

Hayotda Jamol Ahmedov yaxshi do‘st bo‘lgan. U baliq ovlashni yaxshi ko‘rardi. O‘zbekning palovini chiroyli damlardi. Gitarani mohirona chalar, ko‘p kitob o‘qir, bilim doirasi keng edi. Valentin Grachev, Vladimir Ferapontov, Georgios Sovchis, shuningdek, iste’dodli aktyor va Rossiya kino aktyorlari gildiyasining boshqaruv kengashi a’zosi Mixail Selyutin bilan faol ishlagan va yaqin do‘sti bo‘lgan.

Shaxsiy hayot va omadsizlik

Jamol Ahmedov ikki marta uylangan. Birinchi xotini – kelib chiqishi rus bo‘lgan fransuz bo‘lib, «Bolshoy teatr» aktrisasi Natalya Gaponova edi. 1963-yil dekabrda ularning qizi Yelena tug‘ildi. Afsuski, bu nikoh omadsiz bo‘lib chiqdi. Er-xotin ajrashishdi. Natalya qizini Fransiyaga olib ketdi. Jamol ularni boshqa hech qachon ko‘rmadi. Qizini topishga bo‘lgan barcha urinishlari muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Bu ajrim unga qattiq ta’sir qilib, ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmadi.

Aktyor ikkinchi safar Taganka teatri aktrisasi Nina Zabrodina bilan umr rishtasini bog‘ladi. O‘shanda 1970-yillarning boshlari edi. Ular salkam o‘n yil fuqarolik nikohi asosida birga yashashdi. Ammo bu nikoh ham mo‘rt bo‘lib chiqdi. 1980-yillarning oxirida Nina Zabrodina chet ellikka turmushga chiqdi va u bilan xorijga ketib qoldi.

Shaxsiy hayotdagi omadsizlik va ishsizlik tufayli Jamol Ahmedov qattiq tushkunlikka tushdi. U spirtli ichimliklarga ruju qo‘ydi. Na keksa onasi, na do‘stlari bu yo‘ldan qaytara oldilar. Hech kimning pand-nasihati kor qilmadi. Faoliyatsizlik tufayli aktyor hayotga qiziqishini yo‘qotdi.

Jamol Ahmedovga ichkilik quyib beradilganlar yetarli edi: u o‘zining aktyor ekanligini, «Kavkaz asirasi»da suratga tushganini aytardi. Aldamayotganiga ishonch hosil qilishgach, mamnuniyat bilan ziyofat qilishardi.

Aynan ichkilik tufayli Jamol Ahmedov qandli diabet kasalini orttirdi.

Ayanchli o‘lim

2004-yil 13-avgustda aktyorning onasi Vera Kuzminichna vafot etdi va Jamol mutlaqo yolg‘iz qoldi. Ukasi Aleksandr va sinfdoshi Lyudmila Merkulova undan xabar olib turishdi, xolos. Oradan bir yil o‘tgach...

Aktyorning o‘limi haqida xabar tarqaldi. Hujjatlarda aytilishicha, Jamol Ahmedov 2005- yilning 23-iyulida 65 yoshida noma’lum sabablarga ko‘ra vafot etgan. Lyudmila Merkulovaning so‘zlariga ko‘ra, aktyorning jasadi abgor ahvolda bo‘lgan. Ahmedovning o‘limi sababi... zaharlanish edi! Shu qadar kuchli zaharlanishki, tana dastlabki bir necha soat ichida parchalanib ketgan (surrogat alkogol bilan zaharlanish oqibati shunday yakun topishi mumkin).

Jamol Ahmedov Ivanteyevkadagi Novoselkovskiy qabristoniga dafn qilingan.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring