Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sabriya» seriali bo‘yicha ekspertiza xulosasi e’lon qilindi

«Sabriya» seriali bo‘yicha ekspertiza xulosasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Sevimli telekanalida efirga uzatilgan «Sabriya» nomli milliy teleserialida axloqsizlik sahnalari yuzasidan ekspertiza xulosasi e’lon qilindi.

«O‘zbekistonda so‘z va ijod erkinligi kafolatlangan, har bir tahririyat o‘z kasbiy faoliyatida mustaqildir, albatta. Biroq katta auditoriyaga ega ommaviy axborot vositalari tomonidan aholiga badiiy ijod mahsulotlarini taqdim etishda amaldagi qonun hujjatlari talablari va odob-axloq me’yorlariga to‘laqonli rioya etilmayotgani oqibatida fuqarolarning asosli e’tirozlari yuzaga kelmoqda.

Ekspertiza davomida teleserialning 2021 yil 29 dekabr kungi qismida Arslon ismli qahramonning mehmonxonada begona ayol bilan yotgani, 2022 yil 4 yanvar kungi qismida bir ayolning mast holatdagi turmush o‘rtog‘ini uni xo‘rlagani uchun uxlab yotgan vaqtida pichoqlab o‘ldirgani, bundan tashqari, 14 yanvar kungi qismida esa uch nafar bezorining giyohvand moddalarni iste’mol qilgani va ularning bitta xonadonga bostirib kirgani, yigitlardan biri uydagi ayolga zo‘rlik ishlatgani tasvirlangan syujetlar o‘rganildi.

Ekspertlar quyidagi xulosaga kelishdi:

  • lavha syujetidagi o‘g‘rining ayolga qilgan xatti-harakatlari kuch ishlatish yo‘li bilan nomusiga tegishga urinish sahnasi sifatida baholandi. Bunday teleseriallarning namoyish etilishi yoshlar o‘rtasida xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatishga moyillikni oshirishga xizmat qiladi;
  • badiiy film va teleserial jamiyatdagi qarashlarni, yoshlarning tarbiyasini shakllantiradigan muhim vositalardan biri ekanini hisobga olib, ommaga taqdim etilayotgan har bir syujet, so‘z va harakat uchun mas’uliyatli bo‘lish kerak;
  • ayollarning obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz «ijod namunalari» efirga uzatilishining oldini olish, gender tengligi va boshqa umuminsoniy qadriyatlar, milliy mentalitetni hisobga olib, etika nuqtai nazaridan teleseriallarni telekanallarning badiiy tahlilidan o‘tkazilgandan so‘nggina namoyish qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ayolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajovuz tasviri aks etgan ushbu lavha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, salbiy fikr-mulohazalar ifoda etilishiga, shu jumladan, ayrim fuqarolar, mas’ul xodimlarning obro‘sizlanishiga sabab bo‘ldi.

«Sabriya» nomli milliy teleserial bo‘yicha tayyorlangan ekspertiza xulosasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish va huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga jo‘natildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring