Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parijda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tmoqda

Parijda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tmoqda

«Top Rese-2018» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida.

Foto: Davlat turizm qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentii Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi munosabati bilan ushbu mamlakatda 26-sentyabrdan 10-oktyabrgacha O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu bilan birga ayni paytda Parijda xalqaro moda haftaligi, dunyoning yirik avto konserni –  BMWning savdo-ko‘rgazmasi, «Top Rese-2018» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ham o‘tkazilmoqda. 

Uchta yirik ko‘rgazma, O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari davom etayotgan bir paytda O‘zEOAVMAning ijodiy jamoasi Parijda tasvirga olish jarayonlari bilan band. Professional soha xodimlaridan iborat jamoa «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidan navbatdagi film ustida ishlamoqda.

Ma’lumki, mazkur turkum doirasida ayni paytga qadar O‘zbekistonga oid, dunyoning yirik ilmiy va madaniy muassaalarida saqlanayotgan madaniy yodgorliklar haqida bir qator kitob-albomlar yaratildi, filmlar suratga olindi. Ushbu yirik loyiha bo‘yicha izlanishlar davom etmoqda.

Navbatdagi film «O‘zbekiston madaniy merosi Luvr to‘plamlarida» deb nomlanadi. Uni tasvirga olish uchun ijodiy jamoa muzeyning islom madaniyati kolleksiyasi saqlanadigan zallarda suratga olish ishlarini boshlab yuborgan.  Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, bu fondlarga shu paytga qadar hech kim kira olmagan. Jurnalist Shahnoza G‘aniyeva muallifligidagi filmda tomoshabinlar ana shu bebaho durdonalaridan ilk bor tanishishlari mumkin.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo tuplamlarida» loyixasi doirasida 30 ga yaqin hujjatli film tayyorlangan. Mazkur filmlar Rossiya (Sankt Peterburg, Moskva), Germaniya (Berlin, Drezden, Leypsig), Chexiya (Praga), Buyuk Britaniya (London, Oksford, Kembridj) muzeylarida saqlanayotgan moddiy va madaniy merosimiz, ularning yaratilishi va O‘zbekistondan olib ketilishi tarixi haqida hikoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 3 oktyabr kuni «Madaniy meros – O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ko‘prik» mavzusida xalqaro ilmiy media-ivent bo‘lib o‘tadi. Unda Fransiyaning eng yirik muzey, kutubxona va ilmiy muassasalarning rahbarlari, sharqshunos olimlar qatnashishi kutilmoqda. 

Shu bilan birga 2017 yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro kongressda butun dunyo sharqshunos olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston madaniyatini o‘rganish bo‘yicha dunyo hamjamiyatining birinchi kengashi o‘tkaziladi.

Tadbirda Fransiya milliy kutubxonasi, Luvr, Gimn muzeylariga loyiha doirasida chop etilgan kitob-albomlar va «Katta Langar  Quroni», «Devoni Husayniy», «Ravzat-us-safo», «Me’rojnoma», «Temur tuzuklari», «Zafarnoma» kabi kadimiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari beg‘araz tuhfa qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring