Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek tilining nufuzini oshirishga qaratilgan respublika tanlovi e’lon qilindi

O‘zbek tilining nufuzini oshirishga qaratilgan respublika tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» shiori ostida respublika tanlovini e’lon qildi.

Tanlovning asosiy maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, yana muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.

Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar aholi hamda yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyati, yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, yosh avlodda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur hissini shakllantirish, ular qalbida umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtiromni tarbiyalashga, Shuningdek, ijodiy ishlarda chet ellardagi vatandoshlarimiz va o‘zbek tilini sevuvchi xorijliklarning o‘zbek tiliga muhabbati va e’tiborini namoyish etish, o‘zbek tilining amaldagi xalqaro mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.

O‘zbek tilining amaldagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, davlat tiliga oid muammolarni ham etishga keng jamoatchilikning ijodiy yondashuvini rivojlantirish; ta’lim muassasalari, davlat idoralari, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq orasida keng ommalashtirish uchun o‘zbek tili va adabiyotiga doir ijodiy ishlar jamlanmasini yaratish; iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targ‘ib qiluvchi ijod namunalarini rag‘batlantirish va ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadlaridir.

Tanlov quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:

  1. Eng yaxshi badiiy asar (she’riy asar — 30 misragacha; nasriy hikoya — hajmi 3600 bosma belgigacha).
  2. Eng yaxshi publitsistik maqola (ocherk, lavha — hajmi 5400 bosma belgigacha).
  3. O‘zbek tilining xorijdagi eng yaxshi targ‘iboti (o‘zbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar).
  4. Eng yaxshi ijtimoiy roliklar (audio, videorolikning davomiyligi 3 daqiqagacha).

Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar!

Eng namunali, g‘oyaviy-badiiy pishiq ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etiladi.

Ijodiy ishlar shu yilning 20-sentyabriga qadar «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» sarlavhasi ostida [email protected] elektron pochtasi yoki @tiluz_Bot telegram manzili orqali onlayn qabul qilinadi.

Tanlov yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni www.til.gov.uz, www.manaviyat.uz saytlari hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tanlov bo‘yicha mas’ul xodimlari Muhtarama Ulug‘ova (99 847-69-41), Dilmurod Do‘stbekov (97 752-33-99) bilan telefon orqali bog‘lanib olishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring