Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘tkan kunlar» tarjimoni O‘zbekiston prezidentiga murojaat qildi

«O‘tkan kunlar» tarjimoni O‘zbekiston prezidentiga murojaat qildi

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilgan tarjimon Mark Riz va’da qilingan qalam haqini hamon ololmayotgani bo‘yicha O‘zbekiston prezidentiga murojaat qildi.

Tarjimonning aytishicha, unga prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan va’da qilingan gonorar 5 oydan beri to‘lanmayapti. Bu haqda u o‘zining Tvitterdagi sahifasida yozgan.

«5 oy oldin menga qalam haqi ajratgansizlar va sovg‘a sifatida xorijga tarqatish uchun «O‘tkan kunlar» romanining inglizcha tarjimasidan 1000 dona nusxa ham va’da qilgansizlar», deb yozgan tarjimon.


Mavzuga doir

Bir qop piyoz yoki maktab qorovulining oyligi barobarida...


Mark Rizning aytishicha, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakili Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy va Rizning do‘sti bilan uchrashgan. O‘shanda vakil prezident bilan uchrashishini, gonorar haqida so‘rashini aytgan. Ikkisi qalam haqi berilmaganini aytgan.

«Men ushbu xodimga quyidagicha javob qildim: «Mendan prezident Mirziyoyevni aldashimni so‘rayapsizmi? Boring, choy iching (undan ko‘ra)». Bu javobimdan keyin do‘stimga tahdid qilishdi. Bunday kutilmagan holatdan hayratga tushdim», deb yozadi Riz.

Mark Riz AQShga qaytgach, Yozuvchilar uyushmasi va Davlat tilini rivojlantirish agentligi vakillari u bilan Zoom orqali bog‘lanib, qalam haqi va mingta kitob berilishini aytishgan. Shuningdek, tarjimonga Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga yiliga 20 ming dollarlik ishga ham taklif qilishgan.

Mark Riz bu taklifni rad etganini aytgan. Ushbu suhbat davomida do‘stiga tahdid qilgan xodim ham bo‘lganini va «o‘zi va o‘g‘lining hayotini xavf ostiga qo‘yib, Toshkentga qaytmasligini» bildirgan.

«Bilasizmi, so‘nggi 3 yilda o‘nlab intervyular berdim, o‘sha universitetda tekinga onlayn dars berdim. Barcha xarajatlar o‘zimning hisobimdan bo‘ldi. Menga shularning o‘zi yetarli bo‘lgandi, ammo o‘zbek xalqi ishimni davom ettirishimga rag‘bat berdi. O‘zbekistonda halol insonlar ko‘p, nohalollariga nisbatan. Biroq 1-2 ta shunday odamlar sizning islohotlaringizni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yishyapti», deya murojaat qilgan u prezidentga.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring