Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘li vafot etganida sahnada rol o‘ynagan xalq artisti bilan so‘nggi suhbat

O‘g‘li vafot etganida sahnada rol o‘ynagan xalq artisti bilan so‘nggi suhbat

O‘zbek teatr va kino san’atida O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofotlari laureati Nabi Rahimovning alohida o‘rni bor. U sahnada, kino va teleekranlarda yuzlab rollar ijro etgan. Ular orasida turli millat vakillari, turli kasb egalari, turli davr kishilari bor. Aktyor ularning barchasini maromiga yetkazib talqin qilgan. Bulardan tashqari dublyajda, radiopostanovkalarda, xususan, bir vaqtlar hamma qiziqib tinglaydigan «Tabassum» radiojurnalida faol ishtirok etardi. Nabi Rahimov 83 yoshda (1994 yil 29 noyabr) vafot etdi.

Nabi aka nafaqat O‘zbekistonimizda, balki sobiq ittifoq doirasida mashhur san’atkor edi. Shunga qaramay, juda oddiy, kamtar, hamma bilan birday suhbatga kirishib ketadigan, hazil-mutoyibaga o‘ch, latifago‘y inson edi. Bayramlarda qo‘ng‘iroq qilib tabriklaganlari hamon esimda.

Nabi Rahimov bilan oxirgi suhbatimiz u kishining 80 yilligi munosabati bilan 1991 yil noyabr oyida bo‘lgan edi. O‘ylaymanki, mazkur suhbat ulug‘ san’atkorimizning hayoti va ijodi haqida muayyan tasavvur beradi.

 Nabi aka, avvalo san’at olamiga kirib kelishingiz, ustozlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

 Men 1911 yil 7 noyabrda Qo‘qonda tug‘ilganman. Shahrimizning misgarlik rastasida kichkinagina do‘konimiz bo‘lib, otam misgarlik bilan shug‘ullanar, akam va men unga yordamlashardik. Otamni Mirzarahim misgar deyishardi. Lampa, kerosinka, tikuv mashinalarini tuzatardik. Do‘konimizga askiyachilar, shoirlar kelib turishar, turli mavzuda suhbatlashib, askiya qilishardi. Men ularning suhbatlarini jon qulog‘im bilan tinglar va iloji boricha yodda olib qolishga intilardim.

Bundan tashqari o‘sha kezlarda nomi butun Farg‘ona viloyatiga mashhur bo‘lgan Erka qori, Hamroqul qorilarning katta ashulalarini, Yusufjon qiziq, Usmon qori, Kamol qori, Qodirjon pichoq, Mamarazzoq aka, Meliqo‘zi aka kabi o‘tkir, nozik didli askiyachilarning tagdor, mazmundor askiyalarini berilib tinglardim, ulardan o‘rganishga harakat qilardim. Tojiboy akam ham yallalarga, askiyaga mohir edi. Akamning yallalari, askiyalari dilimda quvnoqlik tuyg‘usini uyg‘otgan bo‘lsa, mana yuqorida nomlari tilga olingan usta san’atkorlarning suhbatlarini, ashulalarini tinglash qalbimning allaqayerida san’atga qiziqishni nish urdirgan. Ishonasizmi, hatto o‘sha do‘kondagi katta sandonga bolg‘alarning bir maromda urilishidan chiqadigan ovoz ham nazarimda qandaydir bir kuyga o‘xshardi. Mana shular mening yosh qalbimda musiqaga, hajvga, so‘zamollikka havas va ishtiyoq uyg‘otgan. 1926 yilda Qo‘qonda drama to‘garagi tashkil qilingach, men ham unga qatnasha boshladim.

To‘garakda qatnashish san’atga nisbatan havasimni niyatga, orzuga aylantirdi, san’atkor bo‘lish haqidagi fikrimni qat’iylashtirdi. 1929 yilda hamshahrim Mirshohid Miroqilov meni Samarqandga, Hamza nomidagi drama teatri truppasiga olib bordi. Bu yerda Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Hojisiddiq Islomov, Raimberdi Bobojonov, Sharif Qayumov, Lutfulla Narzullayev, Obid Jalilov singari ulkan san’atkorlar davrasiga qo‘shildim. Mening ustozlarim ham ana shular. Ular menga va menga o‘xshagan ko‘plab yoshlarga aktyorlik hunarini, uning o‘ziga xos sirlarini, sahnada o‘zini tutish, partnyor bilan muomala qilish, rol ustida qanaqa ishlash lozimligini – xullas, haqiqiy aktyor uchun nima zarur bo‘lsa hammasini erinmay, sidqidildan o‘rgatdilar. San’at sohasida neki yutuqqa erishgan bo‘lsam hammasini o‘sha ustozlarimning mehribonligi, murabbiyligi samarasi, deb bilaman, ularning ruhiga ta’zim qilaman.

–  Har bir ijodkorning, jumladan, aktyorning ishlash uslubi har xil: birov tunda mashq qiladi, kimdir kunduzi va hokazo. Sizning ishlash uslubingiz qanday?

– Men uchun ishlash – rol so‘zlarini yodlash, mashq qilish uchun vaqtning ahamiyati yo‘q, bir kecha-kunduz yigirma to‘rt soatdan iborat bo‘lsa, shu vaqtning har daqiqasidan unumli foydalanishga harakat qilaman. Uyda yoki to‘yda o‘tirganimda, yo‘lda yurganimda, mashinada ketayotganimda, samolyotda uchayotganimda ham, hatto yig‘ilishlarda o‘tirganimda ham xayolimda ijro etayotgan rolim, uning so‘zlari kezib yuradi. Xayolan gapirib, so‘zlarni takrorlab, qaysi so‘zni qanday ohangda aytish lozimligini o‘ylab yuraman.

Ijod, bu – tinimsiz, uzluksiz jarayon. Mukammallikning chegarasi yo‘q deyishadi-ku. U doimo harakatda, izlanishda bo‘lishni talab qiladi. Bordi-yu, ana shu harakat, izlanish to‘xtasa ijod so‘nadi, ko‘lmak so‘zga aylanadi, hayot deb atalmish katta, shiddatkor daryoning oqimidan orqada qoladi.

Menga rejissyor biron rolni topshirdi deylik. Pesani o‘qib chiqqach, bir necha kun yolg‘iz o‘zim shu obrazni qaysi yo‘sinda, qanaqa yo‘nalishda ijro etishni o‘ylayman, fikrlayman, mulohaza qilaman. Ma’lum bir qarorga kelgach, fikrimni rejissyorga aytaman. Agar unga ham ma’qul tushsa, ishga kirishaman, yo‘qsa yana izlanish, qidirish davom etadi...

Har bir obraz – u xoh katta, xoh kichik bo‘lsin – izlanishlar tufayli vujudga keladi. Aytaylik, Yagoni ijro etish oson bo‘lgan deysizmi? Otello rolini ijro etuvchi Abror Hidoyatov qayoqda-yu, jikkakkina, qotmadan kelgan yigitcha bo‘lgan Rahimov qayoqda! Rostini aytganda, men Abror akaning savlati, obro‘yi, dovrug‘i, viqori ostida yo‘q bo‘lib ketgudek edim. Shunda mening oldimda ana shu buyuk san’atkorga munosib partnyor bo‘lish uchun intilishdek ulkan vazifa turardi. Nima qilish kerak? Bordi-yu, ojizlik qilsam, Abror akaning soyasida qolib ketaman. Demak, Yago obrazi chiqmaydi. Shunday mulohazalardan keyin o‘zimcha Abror Hidoyatov – Otello shaxsiyatini pisand qilmaydigan, uning ustidan kuladigan shaxs obrazini yarata boshladim. Buyuk san’atkor oldida o‘z ojizligimni bildirmaslik uchun jonim boricha tirishib, uning ustidan kulardim, rol bo‘yicha u sahnaga yiqilib tushganida ustiga oyog‘imni qo‘yib: «Turing, hey general» deb masxara qilardim.

Ha, har bir obraz tomoshabin e’tiboriga havola qilinguncha aktyor ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechiradi: goh quvonsa, gohida yuraklari qon bo‘lib ketadi. Ammo san’atga, aktyorlik hunariga nisbatan yuksak ixlos, muhabbat unga dalda, quvvat bag‘ishlaydi. Obrazning tabiiy chiqishi uchun yangi-yangi variantlar qidirishiga da’vat etadi.

– Nabi aka, san’atkor ijro etgan rollarni, ta’bir joiz bo‘lsa, uning farzandlariga o‘xshatish mumkin. Ma’lumki, ota-ona uchun farzandning yomoni yo‘q. Axir barmoqning qaysi birini tishlasa ham og‘riydi-da. Lekin har qalay shu farzandlar orasida ota-ona ko‘proq suyadigani bo‘ladi-ku! To‘g‘rimi? Shu ma’noda qaysi rollaringiz o‘zingizga ko‘proq yoqadi?

– Bilasizmi, bu ko‘proq asarga, obrazga va unda ko‘tarilgan muammo, eng muhimi, o‘sha qahramonga yuklangan vazifaga, uning gaplariga, bu gaplarning mazmuni va salmog‘iga bog‘liq. Shunday obrazlar borki, yigirma-o‘ttiz yil ilgari o‘ynagan bo‘lsam-da, hamon kechagidek yodimda: harakatlari ham, so‘zlari ham. Bugun bo‘lsa bugun, erta bo‘lsa erta to‘g‘ridan-to‘g‘ri sahnaga chiqib ijro etib ketaverishim mumkin. Bunday obrazlar qatoriga «Qutlug‘ qon» spektaklidagi Shokir ota, «Otello»dagi Yago, «Shohi so‘zana»dagi Qo‘ziyev, «Revizor»dagi Xlestakov, «Momaqaldiroq»dagi Tixon, «Mirzo Ulug‘bek»dagi Bobo Kayfiy, «Buxoro»dagi Urganji, «O‘n uchinchi rais»dagi Sa’diyev, «G‘ariblar»dagi ota, «Qutlug‘ qon» va «Diyonat» videofilmlaridagi Yormat va Shomurodov rollarini kiritaman.

Bu obrazlarni nega yaxshi ko‘rishimning o‘ziga xos sabablari bor. Masalan, Shokir ota qiyofasida men xalqimizning bag‘ri kengligini, olijanobligi, sodda va beg‘uborligini ko‘raman. Shu xislatlarni ifoda qilishga intilganman. Yago esa jahon klassikasiga dastlabki qo‘l urishlarimdan bo‘lish bilan bir qatorda u menga obro‘, shuhrat keltirdi. Ayni vaqtda har qanday yirik va keng planli obrazni ijro eta olishimga o‘zimda ham, rejissyor va kasbdoshlarimda ham ishonch uyg‘otdi. Lekin shunday rollar ham borki, ularni yaqindagina o‘ynaganimga qaramay bugun esimda yo‘q.

– Masalan?

– Misolni qo‘ying, aytmaganim ma’qul. O‘tmishni eslaganda hamisha yaxshi, quvonarli voqealarni yodga olgan durust. Muvaffaqiyatsizliklardan xulosa chiqarish, keyingi ishlarda uni takrorlamaslikka intilish kerak. Adolat yuzasidan bir narsani aytishim lozim, deb o‘ylayman. Lermontovning «Maskarad» asaridagi Arbenin rolini ijro etganman. Rejissyorning aybimi, mening aybimmi – buni bilmayman, lekin mening ijromda shu obraz chiqmagan, na o‘zimga, na o‘zgalarga yoqqan.

Obrazning esda qolish-qolmasligi, umri boqiyligi uning katta-kichikligiga bog‘liq emas. Stanislavskiy aytganidek, rolning katta-kichigi bo‘lmaydi, aktyorning katta-kichigi bo‘ladi. Qiyqim rol ham, agar tabiiy ijro etilsa, tomoshabinning ham,  aktyorning ham xotirasida mangu qolishi mumkin.

Mirshohid Miroqilovni hamma biladi. Shu aktyor deyarli yirik, ya’ni, bosh rollarni o‘ynamagan. Asosan kichik rollarni ijro etgan. Lekin Mirshohid aka shunaqa talantli ediki, har bir harakati, so‘zi tomoshabinning esida qolgan. «Maftuningman» filmidagi Mirshohid aka o‘ynagan rolni eslang. Filmda qatnashish uchun yosh aktyorlar tanlovi e’lon qilindi. Mirshohid Miroqilov Sattor Yarashevni yetaklab keladi-da, mana shuni bir eshitib ko‘ringlar, o‘zbek Shalyapini, deydi. Bir lahzalik kadr tomoshabin yodida qolgan. Bunga o‘xshagan misollarni boshqa aktyorlar ijrosidan ko‘plab keltirish mumkin.

– Uzoq yillik ijodiy faoliyatingiz davomida teatr, kino va oynai jahonda qanqa-qancha rejissyorlar bilan ishlagansiz. Ulardan qaysi birlarini ko‘proq yoqtirasiz va buning sabablari nimada?

– Men professional sahnada ilk bor Furmanovning «Isyon» asaridagi Yegor rolini ijro etganman. Bu rolni ishonarli, esda qolarli qilib o‘ynashimda Alekseyev degan rejissyorning yordami katta bo‘lganini unutolmayman. Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Fathulla Umarov kabi ustoz rejissyorlarga, ularning mehribonligi va rejissyorlik qudratiga har qancha ta’zim qilsam arziydi. Ular stol atrofida ishlashga – o‘qish (chitka)ga jiddiy e’tibor berardi, talaffuzni, so‘zlarni mazmuniga qarab urg‘u berib aytishni qat’iy talab qilardi. Chunki har qanday yaxshi spektaklning manbai adabiy asar – pesa. Uning so‘zlari to‘laligicha, muallif va rejissyor istagan tarzda tomoshabinga yetib bormas ekan, unday rolning ham, spektaklning ham muvaffaqiyati haqida gapirish qiyin.

Toshxo‘ja Xo‘jayev, Aleksandr Ginzburg o‘sha ustozlar an’anasini davom ettirdi. Ularda rejissyorlik salohiyati kuchli edi. O‘zlariga zamondosh bo‘lgan hamkasblarining eng baquvvatlaridan sanalardi ular. Hozirgi kunda ham iste’dodli rejissyorlarimiz bor. Ular orasidan Bahodir Yo‘ldoshevni alohida ta’kidlagim keladi. Bahodir ijodiy fantaziyasi keng, charchashni bilmaydigan, spektaklni yaxlit holga keltira olish mahoratiga ega san’atkor. U artist tanlay oladi, didli, talabchan rejissyor. Zamon voqealariga, muammolariga javob beradigan asarlarni xuddi ana shu zamonaviy ko‘z bilan sahnaga olib chiqadi. Uning rejissurasiga mansub «Qaroqchilar», «Ro‘yxatlarda yo‘q», «G‘ariblar», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Maysaraning ishi», «Qora kamar» va boshqa spektakllar bu fikrimga dalil bo‘ladi.

  Nabi aka, shogirdlaringiz, umuman, yosh aktyorlar haqida nima deya olasiz?

  Yoshlarning izlanishlari, kuyunchakligi meni quvontiradi. Shogirdlarimni nomma-nom sanab o‘tish qiyin, ular ancha-muncha. Bundan xursandman. Lekin bitta narsa meni hamisha o‘ylantiradi, hatto tashvishga soladi. Ayrim yoshlarimiz bitta-ikkita rol o‘ynashi bilan mag‘rurlanib ketadi. «Palon rolni o‘ynadimmi, demak, har qanday obrazni olib chiqishga qodirman», degan fikrga boradi. Axir biron obraz qiyofasida sahnaga chiqqan bilan, boringki, ayrim tomoshabinlarning «olqishi»ga sazovor bo‘lgan bilan ish bitmaydi-da. Ustoz san’atkorlar ijro etgan rolga qo‘l urgan yosh aktyor unga o‘zidan nimadir qo‘shishi, shu obrazning yangi qirralarini kashf etishi, yurak qo‘rini bag‘ishlashi zarur. Boshqacha aytganda, ustozlar ijodi, mahoratini ijodiy o‘zlashtirish lozim, nusxa ko‘chirish, taqlid san’atkorga obro‘ keltirmaydi. Shuning uchun bir vaqtlar shuhrat qozongan spektakllarni qayta tiklashda juda ehtiyot bo‘lish kerak.

Yosh aktyorlar haqida o‘ylaganimda yana bir narsa bezovta qiladi meni. Ulardan ba’zilari o‘zlariga imkoniyatlaridan ortiq baho berib yuboradi. Eng yomoni, oz bo‘lsa-da, chinakam obraz yaratib, xalq dilida qolishni o‘ylamay, kundalik ro‘yxatlar, yengil-yelpi shuhrat uchun rol o‘ynaydi. Natijada o‘z imkoniyati, iqtidoridan bir necha barobar yuqori bo‘lgan obrazlarga tortinmay-netmay qo‘l uraveradi. Xalq muhabbati, olqishini zo‘rlab olib bo‘lmaydi. Mashhur rollarni pala-partish o‘ynab, tomoshabin mehrini qozonish qiyin. Aksincha, oldingi bor obro‘sini ham yo‘qotib, tomoshabin ixlosini o‘zidan sovitadi. Shuning uchun kattami-kichikmi, o‘z roli, ijro uslubi, qiyofasini yaratish kerak.

O‘rni bosilmaydigan odam yo‘q, deyishadi. Bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki shunday ijodkor borki, ularning o‘rnini bosish qiyin, mumkin emas. Aytaylik, Mannon Uyg‘ur yoki Abror Hidoyatov, Yetim Bobojonov yoxud Obid Jalilovning o‘rnini kim bosa oladi?! Ehtimol, ulardan zo‘rroq rejissyorlar, aktyorlar chiqishi mumkindir. Ammo hech qachon, hech kim na Uyg‘ur, na Hidoyatov bo‘la oladi.

San’atga fidoyilik kerak, deymiz. Lekin bunga yengil-yelpi qarovchilar ham yo‘q emas...

– San’atning, xususan, teatr san’atining o‘ziga xos qoidalari bor. Biron aktyorning oilasida ko‘ngilsiz yoki quvonchli voqea ro‘y bergan, deylik. U buni spektakl boshlanishidan oldin aytmaydi. Rolni ijro etib bo‘lgach, ma’lum qilishi kerak. Obid Jalilov qizi vafot etgan kuni hech kimga bildiray spektaklda o‘ynagan. Men o‘g‘limning vafotini ichimga yutib, «Tor-mor»da rol ijro etganman. Bular fidoyilik emasmi?

Hozir bu gaplarga kulib, hatto masxaralab qarovchilar bor. Bunday qarashni men hazm qilolmayman. San’atga kirdingmi, uning qonun-qoidalariga chidashing kerak. Boshqa yo‘l yo‘q!

  Bo‘sh vaqtlaringizda nima bilan shug‘ullanasiz?

 Mening eng yaxshi ko‘rganim – sayohat va mutolaa. Qo‘lim bo‘shadi deguncha sayohatga otlanaman. Xalq orasida yurishni, turli kasb egalari bilan suhbatlashishni juda yoqtiraman. Chunki ana shu suhbatlar jarayonida odamlarning xarakterini o‘rganaman.

Har bir odamning o‘ziga xos xarakterini, qilig‘ini, davrada, suhbatda o‘zini tutishini, gapirishini kuzataman. Bular sahnada ijro etadigan qahramonlarim xarakterini to‘la ochish, ularning xatti-harakatlari, so‘zlashi tabiiy bo‘lishi uchun asos, material bo‘ladi. Biron rolni tayyorlash jarayonida qaysi bir shahar yoki qishloqda uchratganim bir odamning gapirish usuli, kulishi yoxud o‘tirishi, hatto ko‘zini o‘ynatishi-yu, birov bilan qo‘l olib ko‘rishishi yodimga keladi, shu qahramonni o‘sha odam qiyofasida tasavvur qilaman. Shunda rolni ijro etish nisbatan oson kechadi. Odamlarning qiliqlarini ko‘chirib berishga bolaligimdayoq ancha «usta» bo‘lib qolgandim-da. Axir «Shohi so‘zana»dagi brigadir Qo‘ziyev, «Qutlug‘ qon»dagi Shokir ota va Yormat, «Parvoz»dagi kolxoz raisi Mamasoliyev yoki «Diyonat»dagi Shomurodov, «Olovli yo‘llar»dagi Ibn Yamin va boshqa obrazlarda o‘zim uchratgan ba’zi odamlarning ayrim xislatlari, odamlari yo‘q deysizmi?! Bor, albatta. Demak, san’atkor xalqdan olib, xalqqa beradi...

– Nabi aka, yana bitta savol. Teatrga, kino, dublyaj, radio, televideniyega borasiz. Bulardan tashqari tomoshabinlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, turli yig‘ilish va tadbirlarda qatnashish, qarindosh-urug‘, do‘stu birodarlarni bayramlar, tug‘ilgan kunlar va boshqa tadbirlar bilan tabriklash kerak. Bularning hammasiga qanday vaqt topasiz, qanday ulgurasiz?

– To‘g‘ri aytdingiz. Bularning hammasi ham mas’uliyatli, bajarmasa, vaqtida qilmasa bo‘lmaydigan ishlar. Chetdan qaraganda, buncha ishga bir kishining ulgurishi qiyin. Lekin ulgurish mumkin. Mana men ulguryapman-ku. Buning uchun, avvalo, vaqtni behuda sarflamaslik kerak, so‘ngra kasbga ixlos, odamlarga muhabbat zarur. Do‘stu oshnolar, qarindosh-urug‘larni qanchalik hurmat qilsak, sevsak, tomoshabinlarni ham shunchalik sevishimiz, ularning vaqtini qadrlashimiz zarur. Bajarayotgan ishimiz – u kattami-kichikmi, qat’i nazar – odamlar uchun, ularning ongini, go‘zallikka, ezgulikka bo‘lgan qiziqishini o‘stirish uchun, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun xizmat qilishini chuqur, qalbdan his qilishimiz kerak. Yuragida ana shu tuyg‘u jo‘sh urgan odam yuqoridagi ishlarning hammasiga ulguradi, vaqtida bekamu ko‘st ko‘ngildagiday bajara oladi. Shunda uning ko‘ngli zavqqa to‘ladi. Kishi o‘zi qilgan ishidan, avvalo, o‘zi zavqlanishi lozim. Shunda odam charchamaydi, toliqmaydi, zerikmaydi.

Mamatqul Hazratqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring