Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Odam-amfibiya»ni o‘zbekcha «gapirtirgan»lar kim? (video)

Bir ko‘rishda sevgiga ishonasizmi?

«Odam-amfibiya» filmi qahramoni – Ixtiandr  bu savolga «Boshqacha sevgi ham bo‘ladimi?!..» deya javob beradi.

Balki, boshqacha sevgi ham bo‘lar...

Lekin dengiz farzandi – Ixtiandr, yer qizi – Guttieraniki kabi baxtli uchrashuvlar kamdan-kam sodir bo‘ladi.

«Odam-amfibiya» filmi va uning qahramonlari o‘zbek tomoshabiniga juda yaxshi tanish va sevimli.

Bunda albatta, film dublyajining o‘rni beqiyos!

Dublyaj rejissyori Ilyos Yoqubov ushbu film dublyajiga bir qator atoqli aktyorlar qatorida Guttiera obraziga ovoz berish uchun  20 yoshli Mahfuza Hoshimova (Hamidova)ni ham taklif etgandi...

O‘sha kun bo‘lajak aktrisaning hayotida eng baxtli kun bo‘lib qolishini hali u bilmasdi...


Mahfuza Hamidova

1941 yilning 1 noyabrida Toshkentda, ziyoli oilada tug‘ilgan.

O‘zbekiston televideniyesining faxriy telerejissyori.

Dublyaj aktrisasi. 

Talabalik paytidan «O‘zbekfilm» qoshidagi dublyaj studiyasida tajriba orttirgan aktrisaning ovoz bergan eng mashhur roli – «Odam-amfibiya» filmidagi Guttiera obrazidir.

Shuningdek, aktrisaning betakror ovozi «Oq karvon», «Qo‘shiq chorlaydi», «Xayr, kabutarlar», «Yevdokiya»  kabi va yana boshqa ko‘plab filmlarda ham muhrlangan.


— Mahfuza opa, Siz baxtli inson, baxtli ayolsiz! Umr yo‘lingizda siz uchratgan insonlarning har biri alohida dunyo. Inson hayotida shunday uchrashuvlar sodir bo‘ladiki, bu uchrashuvlarni eslaganingiz sari eslagingiz kelaveradi va o‘sha uchrashuvlar bilan bog‘liq xotiralar naqadar baxtli ekanligingizni takrorlab turadi go‘yo... Sizning tarjmai holingizda bunday baxtli va omadli uchrashuvlar bisyor. Ulardan biri – Sizning «O‘zbekfilm» kinostudiyasi qoshidagi dublyaj studiyasi  va unda «Odam-amfibiya» filmining bosh qahramoni – Guttiera bilan uchrashuvingiz taqdirning sizga kutilmagan in’omi edi... Mana shu uchrashuv qanday sodir bo‘lgandi?

– Haqiqatda ham, Guttiera men uchun taqdirning in’omi bo‘lgan. O‘shanda 20 yoshda edim. Teatr va rassomlik  instituti «Teatr aktyorligi» bo‘limining 2-bosqichida o‘qiyotgan kezlarim. Bu paytda dublyajga ancha qatnab, bu san’atning sirlarini yaxshigina  tushunib qolgandim. Epizodlarni bemalol dublyaj qila olardim.  

Dublyaj qoidasi bo‘yicha dublyaj rejissyori ish boshlashdan oldin filmni bir ko‘rib olar, so‘ngra rollarni taqsimlab, ro‘yxat tuzar va shu ro‘yxat asosida aktyorlarni chaqirib, filmni ularga ko‘rsatar edi. Bir kuni «Odam-amfibiya» filmini ko‘rishga dublyaj  rejissyori Ilyos Yoqubov meni ham chaqirdilar.

Ko‘rik davomida ekranda paydo bo‘lgan qahramonni Ilyos aka – «Bu falonchi!» – deb aytib turardilar. Guttiera ekranda paydo bo‘lganda, «Mahfuza!», – dedilar Ilyos aka. Etim muzlab ketdi. Sababi, men hali bu paytgacha bosh qahramonni dublyaj qilmagan edim-da. Ko‘rik tugagach, Ilyos aka bugungi dublyajda band aktyorlar ro‘yxatini o‘qidilar, qolganlarga esa javob berdilar. Men o‘sha kuni band aktyorlar qatorida emasdim. Lekin ketmadim ham. Balki, hayajondan ketolmadim.

Ilyos Yoqubov menga qarab: «Ha?...» , – deb yuzlandilar. Men esa, «Ilyos aka, men hali bosh qahramonlar dublyajiga o‘tganim yo‘q-ku... Katta rol ekan, eplay olarmikanman? Yo tashqaridan birorta tajribali aktrisa chaqirasizmi?», – deb ochig‘ini aytdim. Ilyos aka qarorida qat’iy va ishonch bilan: «Eplaysan! Yordam beramiz! Qachondir bosh qahramonga o‘tishing kerak-ku!... Vaqt-soati yetdi, mana. O‘zing ham Guttieraga o‘xshab ketasan, ko‘zing ham unikidek moviy», – deya suhbatga yakun yasadilar.

— «Odam-amfibiya» filmining dublyaj jarayonida Siz bir qator o‘zbek kinosining ulug‘ aktyorlari, dublyaj ustalari bilan yonma-yon ishlash baxtiga muyassar bo‘lgansiz. Bir tomondan, bu voqea institutning ikkinchi bosqich talabasi, 20 yoshli, hali katta tajribaga ega bo‘lmagan qiz uchun o‘ta hayajonga boy bo‘lgani ham tabiiy. Mana shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, film dublyaj rejissyori, ustozingiz Ilyos Yoqubovning bildirgan ishonchlari tufayli, biz bugun Guttierani sizni ovozingizda tinglab, his qilib, uning dardiga hamdard bo‘lamiz.

– Ustoz ishonchi shogird uchun juda muhim. Ustozim Ilyos akaning ishonchi qalbimda «Kelajakda men san’atda o‘z o‘rnimni topa olar ekanman!» mazmunidagi umidni uchqunlantirgan.  

«Odam-amfibiya» filmi meni elga tanitdi. Hozir ham, kelajakda ham «Odam-amfibiya» yoshlarning sevimli, ko‘rimli filmi bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman. Film yashar ekan, demak, men ham filmning o‘zbekcha nusxasida yashayman! Meni ovozim yashaydi!...

— Partnyorlaringizga to‘xtalsak. Mazkur film dublyajida Sizning asosiy partnyorlaringiz Narimon Latipov, Hamza Umarovlar bo‘lishgan. Ulardan nimalarni o‘rgandingiz? Ular dublyajda qanday ishlashardi?

– Dublyajdagi faoliyatimda elga tanilgan, atoqli, iqtidorli aktyorlar bilan yonma-yon turib, ijod qilish baxtiga muyassar bo‘ldim. Ulardan biri, «Odam-amfibiya» filmida jurnalist Olsenga ovoz bergan mashhur aktyor, rejissyor, ulug‘ san’atkor Razzoq Hamroyevdir. U kishi bilan birgalikda ijod qilish, men uchun sharaf bo‘lgan.

Razzoq aka so‘z ustasi edilar, so‘z boyliklari keng edi. Nafaqat o‘z matnlariga, balki meni matnlarimga ham e’tibor berardilar. Gohida birorta so‘zni o‘rniga uni durustroq muqobilini topib, almashtirishni taklif etardilar. Guttierani o‘zbek tilidagi nutqi yanada go‘zalroq bo‘lishida albatta, Razzoq akaning ham  hissasi bor.  

Film dublyajidagi yana bir partnyorim, Guttierani oshig‘i – xarakterli obraz Pedro Zuritani qoyilmaqom qilib, o‘zbekcha «gapirtirgan» aktyor Hamza Umarovdir.  Bu insonni o‘zbek dublyaj san’atining professori, deb bilaman. Hamza akadan men asosan, bir narsani o‘rgandim. Deylik, dialogimizda men ulardan so‘ng darhol gapirishim kerak. Quloqchindan ovoz kelgandan so‘ng gapirsam, kechikyapman. Buni sezgan Hamza aka bunday holatda ekrandagi kadrni eslab qolib, ayni o‘sha kadr ko‘rinishi bilanoq gapira boshlash kerak, deb o‘rgatdilar. Repetitsiya qildik. Yana kechikdim. Shunda Hamza aka: «Men seni turtaman. Sen o‘shanda gapir!», – dedilar. Dublyaj aktyorlari «turtish» usuli nimaligini yaxshi bilishadi. Qo‘lingizda matnni ushlab turgan holatingizda, yoningizdagi partnyoringiz biqiningizga tirsagi bilan bir turtsa, albatta, matnni beixtiyor o‘z vaqtida o‘qib yuborasiz-da!... Shundan keyin, matnni hech kechikmay o‘qiydigan bo‘ldim.

Ixtiandrga o‘ziga xos ovoz egasi, noyob aktyor Narimon Latipov ovoz berganlar. O‘sha paytda Narimon aka dublyaj sohasining ancha tajribali ustalari qatorida edilar.  Keyinchalik, teleekranda filmni tomosha qilganimda, bir narsani sezdim. Ustozimiz Ilyos Yoqubov aktyorlarni nafaqat ovoz xarakter xususiyatiga ko‘ra, balki tashqi ko‘rinishiga ham  qarab tanlagan ekanlar. Chunki, Narimon aka ham Ixtiandrga juda o‘xshash edilar. Yuz  tuzilishlari, quyuq jingalak sochlari Ixtiandrni eslatardi.  «O‘zi o‘xshasa, ovozi ham o‘xshaydi!», – deb aktyorlarni shunday tanlagan ekanlar-da Ilyos aka. Izlanuvchan aktyor Narimon Latipov Ixtiandrni dengiz odami sifatida so‘zlatganlar. Bunda aktyor tomonidan  g‘ayritabiiy, yerliklarning ovoziga xos bo‘lmagan ohang topilgan. Ixtiandrni tinglab, dengiz haybatini, xasta ko‘ngil va otash sevgi haroratini his qilasiz.

— Guttiera obrazi Sizning hayotingizda qanday iz qoldirdi?

– Uzun sochlarim bor edi. Ikkita yoki bitta qilib o‘rib, orqamga tashlab yurardim. Sochimni kesib, Guttiera soch turmagidan namuna oldim. Nafaqat men, balki ko‘pchilik qizlarning Guttieraga o‘xshagilari kelardi. Guttiera obrazini talqin etgan aktrisa Anastasiya Vertinskayaga bu roli mashhurlik olib keldi. Nafaqat u, balki men ham «Odam-amfibiya» filmining o‘zbekcha nusxasida Guttieraga ovoz berib, tajribadan tashqari, mashhurlik, yulduzlik onlarini his qilish baxtiga muyassar bo‘ldim.  

— «Odam-amfibiya» filmidagi eng sevimli dialogingiz?

– Albatta, Ixtiandr va Guttieraning qoyalar ustidagi ilk uchrashuv epizodi va unda yangragan so‘zlar hanuzgacha qalbimda!.. Orqalarida dengiz va ikkisining ko‘zlari ham dengiz rangida.  Guttiera: «Ixtiandr! Hoy, Ixtiandr!»,  – deb gap boshlaydi. Shunda Ixtiandr hovuchidagi marvaridlarni Guttieraga tutqazadi. «Yo‘q, men bularni ololmayman...», – deya javob qilgan Guttieradan xafa bo‘lgan Ixtiandr nari ketadi. Va shunday deydi: – «Mendan shu arzimagan narsani ham olmading!.. Demak, meni sevmas ekansan-da?...» Juda chiroyli epizod va go‘zal sevgi izhori!...  

— Film falsafasini qanday mushohada etasiz? Sizningcha, bugun ham yoshlarning ma’naviy qiyofasida Guttiera va Ixtiandr juftligini uchratish mumkinmi?

– Albatta, mumkin! Asar muallifi, yozuvchi Aleksandr Belyayev o‘z davrida ajoyib g‘oyani o‘rtaga tashlab ketgan, uni amalga oshirish keyingi avlod qo‘lida. Miyaning imkoniyatlari cheksiz. Hozirgi kunda hamma foydalanayotgan uyali telefonni misol qilib olaylik. Buni texnika imkoniyatlarining cho‘qqisi, desa bo‘ladi. Xazinaning o‘zginasi! Agar undan to‘g‘ri foydalanilsa, keng miqyosdagi bilim o‘chog‘i. Azal-azaldan, ertaklarda odamlar uchar gilamda sayohat qilishni orzu qilishgan. Orzular ro‘yobga chiqdimi? Chiqdi! Samolyotlar paydo bo‘ldi. Kosmosni o‘zlashtirish borasida ham katta yutuqlarga erishilgan. Olim Salvator orzu qilgan suv osti mamlakati haqidagi o‘ylar o‘z tasdig‘ini topar balki... Unda hozirgi zamon Ixtiandr va Guttieralari hayot kechirishar balki... Ajabmas! Orzuga ayb yo‘q! Umid bilan yashab ko‘raylikchi!..                                  

Lobar Qobilova suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring