Mashhur «Ivanushka»ning fojiali hayoti yoxud qimmatga tushgan ming dollar

Siz bu aktyorni bolalik paytingizda ekranda ko‘p uchratgansiz. Hozir ham uning ishtirokidagi «Ayoz bobo» ertak-filmini ko‘rib tursangiz ajab emas. Filmdagi Ivanushkani teatr va kino aktyori, iste’dodli artist Eduard Izotov ijro etgan. Garchand uning kinodagi muvaffaqiyati omadli kechgan bo‘lsa-da, hayotidagi ko‘ngilsiz voqea keyingi mavqei va salomatligiga katta putur yetkazdi.
Hayron bo‘lgan komissiya
Eduard Konstantinovich Izotov 1936-yil 11 noyabrda Belarusning Vitebsk oblastida tug‘ilgan. Uning otasi harbiy bo‘lib, oiladagilar Eduardni ham shu yo‘ldan ketadi, deb o‘ylashgandi, ammo o‘g‘ilning niyati boshqa ekan.
Eduard bolaligidan aktyor bo‘lishni orzu qilardi. Maktabni tugatgach, o‘qishga kirish uchun Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga (VGIK) hujjat topshirdi. Imtihon kuni jo‘rlik qiluvchi sozanda bilan keldi va komissiya a’zolarini hayron qoldirdi. Kuylay boshlaganida esa ular darhol qarshilarida bo‘lajak yulduz turganini tushunib yetishdi.
Ziyoli, bo‘ychan o‘smir ko‘zni qamashtiruvchi tabassumi va chiroyli ovozi bilan imtihonlardan osongina o‘tdi va 1954 yili institutga qabul qilinib, Vladimir Belokurovning aktyorlik bo‘limiga o‘tkazildi.
Yashirin nikoh va muvaffaqiyatlar
Ikkinchi kursda Eduard kursdoshi Inga Burkevich bilan uchrasha boshladi. Ular o‘zaro ahdlashib, 1956 yili hammadan yashirincha nikohdan o‘tishdi va alohida yashay boshlashdi. O‘zlarining uy-joyi yo‘q edi.
– Pasportlarimizdagi muhrga qaramay, biz alohida yashayotganimizni oxirigacha sir tutdik, – deydi Inga Buokevich o‘sha kunlarni eslab. – Nihoyat nikohimiz haqida e’lon qiladigan kun keldi. Faqat Edikning ota-onasi hech nimani bilmasdi. U onasining qarshiligidan qo‘rqardi. Anna Iosifovna meni kelin qilishga qat’iyan qarshi edi.
Xayriyat, tez orada yosh artistlarning oilaviy hayoti iziga tushdi. Oilada va bunga hamohang ravishda kinematografdagi faoliyat yo‘lga qo‘yildi. 1959 yili institutni tugatgan Eduard Konstantinovich «Cho‘ldagi sukunat» filmida ilk rolini o‘ynadi. Oilada qizaloq Veronika dunyoga keldi. 1961 yili esa Izotov tarixiy-inqilobiy «Birinchi sinovlar»da bosh rolni ijro etib, muvaffvqiyatni mustahkamladi. 1964 yilda Izotov Aleksandr Rouning «Ayoz bobo» ertak-filmida Ivanushkani o‘ynagach, butun mamlakatga mashhur bo‘ldi.
Rou va Izotov 1968 yilda ham hamkorlikda ishlashdi. Eduard Konstantinovich «Olov, suv va… miss karnaylar» ertagida garmonchi bo‘lib ekranda ko‘rindi. Keyingi 12 yil mobaynida Izotov kinoda faol o‘ynadi va dublyaj bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uning ijrosidagi filmlardan «Bahorning o‘n yetti lahzasi» (Gitlerning ad’yutanti rolida), «Mimino» (Vladimir Nikolayevich, ekipaj komandiri), «Istaklar soati» (Oleg Ivanovich, Lobanovning rahbari) va boshqa ko‘plab mashhur kartinalarni qayd etish mumkin.
Dollar ayirboshlayman, deb...
1980 yilda Eduard Izotovning hayotida keskin burilish ro‘y berdi va bu tuzalmas xatolar olib keldi. Vaqt o‘tib xotini Inga Budkevichning unga bo‘lgan his-tuyg‘ulari sovigan edi va keyinchalik o‘zi mashhur klassik iborasi bilan aytganda: «Sevgi qayig‘i chilparchin bo‘ldi». Budkevich kinorejissyor Yuriy Mastyugin bilan tanishib, kelgusi hayot rishtasini u bilan bog‘ladi. Oilasini saqlab qolishni istamagan Izotov xotinini ushlab qolmadi va o‘ziga yangi umr yo‘ldoshi topdi. Bu ayol Irina Lidijenskaya bo‘lib, «Fitil» kinojurnali muharriri edi.
1983 yili Eduard Izotov va xotini Irina Ladijenskaya Pushkin maydonidagi «Lira» kafesida valyuta almashtirayotganda hibsga olindilar. Aktyorning yonida ming dollar bor edi. O‘sha vaqtda bu katta pul hisoblanar, qolaversa, SSSRda valyuta operatsiyalari qat’iyan taqiqlangan edi (keyin ma’lum bo‘lishicha, aktyorni hasadgo‘y hamkasbi sotgan, ya’ni chaqimchilik qilgan).
Irina va Eduard yer sotib olgan va dala-hovli qurmoqchi edilar, xolos. Pul yetmadi va dollarni rublga almashtirmoqchi edilar. Eduard pul oldi-sotdisidan oldin valyutani etigiga yashirgan edi. Kafe yonida ularni militsiya kutardi.
Taniqli artistlar, jumladan, sobiq xotini Inga Budkevichning iltimosnomalariga qaramay, Izotov va Ladijenskaya ozodlikdan mahrum etildi.
– Sudya hukmni o‘qidi. Izotovga uch yil berishdi, bu muddatdan bor-yo‘g‘i olti oyni chegirib tashlashdi. Yugur-yugurlar tufayli Edikni boshqa hududga yuborishmadi. Moskvadagi qamoqda qoldirishdi (Inga Budkevich intervyusidan).
Sinovlar hammani toblayvermaydi
Sinovlar kimnidir kuchli odamga aylantirsa, kimlarnidir sindiradi. Edik ikkinchi toifadan edi. U qamoqxona hayotiga sira ko‘nika olmadi: kamera eshigidagi kalitning sharaqlashi-yu, soqchining qichqirig‘ini eshitganida sapchib tushardi.
– Hech esimdan chimaydi, – deydi Inga Budkevich. – Bir kuni qamoqxonadagi uchrashuv chog‘ida u mendan: «Meni sevasanmi?» deb so‘radi. Oldinlari Edik hech qachon bunday savol bermagandi. Garchand biz ajrashgan bo‘lsak-da, men sira ajablanmadim. Ehtimol, hayoti mobaynida birinchi marta bu haqda bilishi muhim bo‘lgandir. «Albatta, sevaman, Edik, sevaman», – deb javob berdim ko‘z yoshlarim bilan. U mening qadrdon insonim, birinchi muhabbatim, qizimning otasi. Agar bilsa edi...
Eduard Izotovni muddatidan oldin ozodlikka chiqarishdi. Hovlida 1986 yil hukmron bo‘lib, aktyor allaqachon ellik yoshni urib qo‘ygan edi. Eduard Konstantinovichning ko‘rinishi yaxshi edi, biroq...
Qamoqdagi muddat uning ruhiyati va salomatligiga katta ta’sir qilgan edi. 1988 yili birinchi insult ro‘y berdi, keyin ular ketma-ket davom etdi (jami olti marta). Izotov Kinaktyorlar teatrida ishlayotgandi, 1997 yilgi to‘rtinchi insultdan so‘ng u xotirasini yo‘qotadigan va matnni unutadigan bo‘ldi. Oqibatda ish bilan xayrlashishga to‘g‘ri keldi. Kinoda suratga tushmadi. Keyin jarrohlik operatsiyalari boshlanib ketdi (Boris Xmelnitskiy, Sergey Nikonenko, Adeksandr Pankratov-Chyorniy, Aleksandr Abdulov pul berib turdilar).
Kasallik zo‘raydi. Izotov mustaqil ravishda harakat qilolmaydigan bo‘ldi, u zo‘rg‘a gapirar, vaqti-vaqti bilan yaqinlarini tanimay qolardi. Umrining so‘nggi yarim yilini aktyor yopiq psixonevrologik pansionatda o‘tkazdi.
Eduard Konstantinovich Izotov 2003 yilning 8 martida takroriy insult tufayli 66 yoshda hayotdan ko‘z yumdi. Uni qabristondagi otasining yonida dafn etildi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter