Los-Anjelesda Lola Karimova prodyuserlik qilgan film taqdimoti o‘tkazildi
AQShning Los-Anjeles shahrida buyuk mutafakkir va Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy merosi haqida hikoya qiluvchi «Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» tarixiy hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Lola Karimova-Tillayeva «Feysbuk»dagi sahifasida e’lon qildi.
Ushbu film Lola Karimova-Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayevning prodyuserligi ostida rejissyor Bahodir Yuldoshev tomonidan suratga olingan.
Los-Anjelesdagi taqdimotda 1969 yilda «Apollon 11» missiyasi doirasida Oy yuziga ikkinchi bo‘lib qadam bosgan afsonaviy amerikalik astronavt Bazz Oldrin va tarixiy kinolentada bosh rolni ijro etgan aktyor, jahon kinosi yulduzi Armand Assante ishtirok etdilar.
Mazkur kinoasar 2017 yilda 74-xalqaro Venetsiya kinofestivalida «Eng yaxshi xorijiy hujjatli film» nominatsiyasida nufuzli «Kineo» mukofotiga sazovor bo‘ldi, Italiyaning Iskya orolida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalda esa «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Karimovaning qo‘shimcha qilishicha, shu yilning sentyabr oyida «Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» filmini o‘zbek tilida tekin ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter