Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Lez-Ark»: 2017-yilning eng sara filmlari namoyishi

«Lez-Ark»: 2017-yilning eng sara filmlari namoyishi

Festivalning ochilish marosimi.

Foto: «Lesarcs-filmfest.com»

Yevropadagi «Lez-Ark» festivali kinematografiyadagi yangi iqtidorlarni kashf etish uchun o‘tkaziladi. Festivalga Fransiyaning mashhur tog‘oldi hududida joylashgan dam olish maskani mezbonlik qilyapti. 

Turli mamlakatlardan muxlislar 2017-yili namoyish etilgan 120 ta filmni tomosha qilish uchun tashrif buyuradilar. Bundan tashqari, bo‘lajak loyihalar uchun hamkorlar ham izlashadi. Masalan, festivalga qo‘yilgan «Ozodlik» filmining prodyuseri germaniyalik Yamila Venskega galdagi loyihasi uchun moliyaviy hamkor kerak: «Festival kutilayotgan loyihalarni sifatli amalga oshirishga yordam beradi. Prodyuser va rejissyorlarga filmni Yevropa darajasida suratga olishga ko‘maklashib, yangi moliyachilar, telekanal vakillari bilan tanishishga imkon yaratadi. Bu yerda xuddi bir qozonda qaynayotgandekmiz».

Bu yil hakamlar hay’ati qatorida venger rejissyori Laslo Nemesh ham bor. Uning debyut filmi «Saulaning o‘g‘li» aynan shu festival asnosida dunyo yuzini ko‘rgan va keyinchalik ko‘plab mukofotlar, jumladan, Oskarni ham qo‘lga kiritgan edi.

Hakamlar tanlov uchun saralangan o‘nlab filmlar ichidan g‘olibni aniqlashlari kerak. Ular orasida italiyalik rejissyor Syuzanna Nikkyarellining «Niko 1988» kartinasi ham ishtirok etyapti.

«Nikoni dunyodagi eng go‘zal ayol deb ta’riflashgan, u model va qo‘shiqchi edi, — deydi Syuzanna. — So‘ngra adibalik va bastakorlikka qo‘l urib, ko‘plab yutuqlarga erishdi. 1970-80-yillarda ajoyib plastinkalar chiqardi: gotik-rok, yangi to‘lqin. U juda iqtidorli musiqachi bo‘lgan».

Britaniyalik aktrisa Jemma Arterton festivalda oxirgi ishlangan «Qochish» filmi bilan qatnashyapti. U o‘z kartinasining Yevropa andozalariga mos tushishiga umid qilyapti:

«Bilasizmi, Buyuk Britaniyada agar filmda mashhur aktyorlar suratga tushmayotganini bilishsa, uni moliyaviy tarafdan hech kim qo‘llab-quvvatlashni istamaydi. Shu sababdan ham kam mablag‘ sarflanadigan kartina suratga olishga to‘g‘ri keladi. O‘ylashimcha, moliyaviy hamkorlar agar bosh rolda Jennifer Lourens suratga tushmasa, film yaxshi daromad keltirmaydi, deb hisoblashadi».

Lez-Ark festivali 23-dekabrga qadar davom etadi.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring